O‘zbekistonliklar Turkiyadagi Akkuya atom elektr stansiyasi qurilishiga ishga jalb qilinadi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik rahbari Behzod Musayev Turkiyaning Arya tashkiloti bilan bitim imzoladi.
Kelishuv doirasida O‘zbekistonning uchta hududi — Toshkent, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida mutaxassislarni baholashni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Xususan, 25 ta kasb bo‘yicha mutaxassislar turk standarti asosida baholanib, ularga sertifikat beriladi.
Natijada 2026-yilda 1 500 nafar sertifikatga ega mutaxassis Turkiyaning Mersin viloyatida qurilayotgan birinchi Akkuyu AESdagi yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtiriladi.
Bundan oldin Migratsiya agentligi Turkiyaning Mehnat va ijtimoiy taʼminot vazirligi bilan mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni deportatsiyasiz legallashtirishni davom ettirishga kelishgandi. Shuningdek, Turkiyada 3 yil doimiy yashagan o‘zbekistonliklarga 1-martdan ishlash ruxsatnomasi beriladi.
Mehnat vazirligi huzuridagi İŞKUR tashkiloti bilan esa 2026-yil 2,5 ming nafar o‘zbekistonlik quruvchilarni Anqaradagi qurilish obyektlariga ishga jalb qilishga kelishildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston Janubiy Koreyaga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilarini yuborishi mumkinligi haqida yozgandi.
