Avvalroq O‘zbekiston Xitoydan mandarin va ananas importini vaqtinchalik taqiqlagani haqida xabar berilgandi. Bu mamlakatdan import qilinayotgan mazkur mevalarda zararli organizmlar aniqlanganligi bilan izohlandi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 5-fevralga qadar Xitoydan yuklangan mevalar uchun import karantin ruxsatnomasi rasmiylashtiriladi.

“Mazkur sanaga qadar Xitoy karantin xizmati tomonidan mandarin va ananas uchun taqdim etilgan fitosanitar sertifikatlar asosidagi yuklarni olib kirishga ruxsat etiladi”, — deyiladi xabarda.

Barcha yuklardan tegishli tartibda namunalar olinib, fitosanitar talablarga muvofiqligi nazoratdan o‘tkaziladi.

Import mandarin va ananas partiyalarida quyidagi uch turdagi karantin osti zararkunandalari aniqlangan:

  • “Sitrus oq-qanoti” (Dialeurodes citri Ashmead);
  • Sharq sitrus qalqondori (Unaspis yanonensis Kuwana);
  • “Ananas unsimon qurti” (Dysmicoccus brevipes Cockerell).

Mazkur turdagi zararli hasharotlar 20 ga yaqin yukda topilgan. Taqiq potensial xavf tug‘diruvchi o‘simliklar karantini obyektlarining O‘zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish uchun uning sabablari bartaraf etilgunga qadar davom etadi.

Agentlikning qayd etishicha, hasharotlar inson salomatligiga xavf solmaydi, sababi o‘simliklarning kasalliklari va zararkunandalari inson organizmiga zarar yetkazmaydi.

Xitoy tomoni bilan fitosanitariya talablariga muvofiq mahsulotlar importini ta’minlash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. 2026-yil uchun O‘zbekiston fitosanitariya talablariga muvofiq Xitoy hududidagi bog‘lar va qadoqlash korxonalarining yangi reyestri shakllantiriladi.

Avvalroq Spot biznes shakar importiga bojni bekor qilishni so‘rayotgani haqida yozgandi.