Azizjon Rahimov 2007-yilda Toshkent viloyati, Piskent tumanida tug‘ilgan. U 2025-yilda Piskent tumanida joylashgan 5-IDUMni bitirib, ta’limini xorijda davom ettirishga qaror qilgan. U hozirda bakalavr bosqichida AQSHning Kolorado shtatidagi Boulder shahrida joylashgan Kolorado universitetining kompyuter fanlari yo‘nalishida bakalavr bosqichida tahsil olmoqda.

Azizjon Spot’ga ta’lim jarayoni, grant dasturlari, “sehrli” mamlakat ortidagi hayot, ta’lim tizimi hamda yashash imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.


Nima uchun AQSH?

AQSHda ta’limni tanlashimning asosiy sababi shundaki, bu yerda boshqa davlatlarga qaraganda ta’limga kuchliroq va mustaqil bilim olishga ko‘proq urg‘u berishadi. Universitetlar talabalarga faqat boshlang‘ich bilimni berish bilan cheklanib, qolganini esa talabaning o‘z izlanishi, mehnati va mustaqil o‘qishi orqali egallashiga yo‘l ochib beradi.

Bu tizim sizni o‘zingiz ustida ishlashga, bilimni mustaqil topishga va izlanishga majbur qiladi. Natijada, yo o‘zingizni rivojlantirib, muvaffaqiyatga erishasiz yoki ortda qolib ketasiz.

Shuningdek, AQSH universitetlarining eng katta afzalliklaridan biri kuchli networking imkoniyatidir. Bu yerga dunyoning yuzlab davlatlaridan minglab, hatto millionlab talabalar keladi. Turli millat, irq va madaniyat vakillari bilan birga ta’lim olish orqali dunyoqarash kengayib, fikrlash doirasi boyib boradi.

Albatta, Avstraliya, Yevropa, Xitoy, Yaponiya yoki Koreya universitetlari ham sifatli ta’lim beradi. Lekin AQSH universitetlari ta’lim sifati, imkoniyatlari va global aloqalar jihatidan baribir yuqoriroq o‘rinda turadi, nazarimda.

Oliygoh tanlash

Shunday qilib, Amerikada o‘zimga mos keladigan oliygohlar haqidagi ma’lumotlarni QS world university rankings hamda Times higher education (THE) kabi xalqaro reyting platformalaridan qidirishni boshladim.

Har ikki manba ham Kolorado universiteti dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoriga kiritadi.

Bu reytinglar universitetning ilmiy salohiyati, professor-o‘qituvchilarning malakasi, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xalqaro hamkorlik darajasi va bitiruvchilarning global mehnat bozoridagi muvaffaqiyatlari kabi mezonlarga asoslanadi.

Kolorado universiteti nafaqat Amerikada, balki butun dunyo miqyosida o‘zining yuqori akademik darajasi va innovatsion yondashuvlari bilan tan olingan va men ham o‘qishimni aynan shu yerda davam ettirishga qaror qildim.

Hujjat topshirish jarayoni

Hujjat topshirish jarayonini mustaqil o‘rgandim: qaysi hujjatlar kerakligi, qachon topshirish lozimligi va muddatlarning tugash sanalari haqida ma’lumot to‘pladim. Oldinroq hujjat topshirgan talabalar bilan bog‘lanib, tajriba almashdim, ularning materiallarini o‘rganib, o‘zimga moslab qayta ishladim.

Amerikadagi universitetlarga hujjat topshirish jarayoni odatda avgust-sentabr oylarida boshlanadi. Bu jarayon bir necha bosqichlardan iborat bo‘lib, birinchi bosqichning yakuniy muddati 1-noyabr sanasiga to‘g‘ri keladi.

aqsh, azizjon rahimov, xorijda ta’lim

Foto: Azizjon Rahimovning shaxsiy arxividan

Ushbu muddat ko‘pincha “early action” yoki “early decision”, deb ataladi va erta ariza topshirgan abituriyentlarga tezroq javob olish imkonini beradi. Ikkinchi bosqich odatda 1-yanvar yoki 15-yanvar sanasigacha davom etadi.

Bu bosqich “regular decision” deb nomlanib, ko‘pchilik abituriyentlar aynan shu davrda hujjat topshiradi. Shunday qilib, abituriyentlar mazkur ikki muddat oralig‘ida o‘z arizalarini tayyorlab, topshirishlari talab etiladi.

Tajribamga ko‘ra, noyabrga qadar topshirilgan arizalar ko‘proq ijobiy natija berishi mumkin, chunki bu davrda talabgorlar soni kamroq bo‘lib, grant yutish ehtimoli nisbatan yuqoriroq bo‘ladi.

Men esa CommonApp deb nomlanuvchi yagona onlayn platforma orqali bir vaqtning o‘zida Amerikaning 20 tagacha universitetiga hujjat topshirish imkoniyatidan foydalandim. CommonApp abituriyentlarga hujjat topshirish jarayonini yengillashtirib, bir martalik ariza shakli orqali bir nechta universitetlarga murojaat qilish imkonini beradi.

Amerikadagi grantlar

AQSH universitetlarida grantlar asosan ikki turga bo‘linadi: merit scholarship va financial aid.

Merit scholarship — bu talabaning erishgan yutuqlari asosida beriladigan grant. U quyidagi mezonlarga qarab belgilanadi:

  • baholar (GPA);
  • shaxsiy sifatlar (personal qualities);
  • sertifikatlar (IELTS, SAT va boshqalar);
  • xalqaro olimpiada yoki tanlovlardagi yutuqlar.

Ko‘pincha merit scholarship 100%, 75% yoki 50% miqdorda grant taqdim etiladi. Men o‘zim 100% grantni qo‘lga kiritganman.

Buning uchun alohida ariza topshirish talab etilmaydi: universitetga hujjat topshirayotganda barcha yutuqlaringizni ko‘rsatishingiz kifoya. Universitet avtomatik tarzda sizni grant uchun ko‘rib chiqadi va eng munosib talabalarni saralab oladi.

Financial aid — moliyaviy yordam. U merit scholarship’dan farqli o‘laroq talabaning oilaviy sharoitiga qarab beriladi. Buning uchun alohida hujjat topshirish kerak bo‘ladi. Universitet talabaning oilasining yillik daromadi va xarajatlarini hisobga olib, moliyaviy yordam berish-bermaslik haqida qaror qiladi.

Bu jarayon faqat talaba universitetga qabul qilingandan keyin amalga oshadi. Ya’ni, avval sizni universitet qabul qiladi, keyin esa grant yoki moliyaviy yordam turidan qaysi biriga loyiq deb topilsangiz shunga mos ravishda mablag‘ ajratiladi.

Grant yutishda nimalar muhim?

AQSH universitetlari grant ajratishda birinchi navbatda talabaning shaxsiyatiga e’tibor berishadi. Akademik yutuqlardan avval grant komissiyasi quyidagi savollarni beradi:

  1. Bu talaba kim?
  2. Shu vaqtgacha nimalarni o‘rgangan?
  3. Universitetga kelgach, qanday foyda keltiradi?
  4. Olgan bilimlari bilan jamiyat, mamlakat yoki insoniyatga qanday hissa qo‘sha olishi mumkin?

Shu savollarga javob grant komissiyasi uchun eng muhim mezon hisoblanadi. Shundan so‘ng esa sertifikatlar, akademik natijalar, maktabdagi baholar va boshqa yutuqlar inobatga olinadi

Global Startup Awards Central Asia Final. Foto: Shaxsiy arxiv

Ko‘pchilik IELTS yoki SAT natijalarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Aslida esa AQSH universitetlari maktab baholari (GPA)ga juda katta e’tibor beradi. IELTS 6,5−7 ballning o‘zi yetarli, 7,5 yoki 8 ball albatta yaxshi, lekin grant yutishda katta farq qilmaydi. SAT ham muhim, lekin GPA undan ham muhimroq.

Shuning uchun, agar talaba 100% grant olishni maqsad qilgan bo‘lsa, eng avvalo maktab baholarini yuqori bo‘lishi lozim. Keyingi o‘rinda SAT va boshqa yutuqlar turadi. IELTS esa faqat til bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat, lekin grant taqsimotida hal qiluvchi omil emas.

Moslashish davri

Bundan oldin Xitoy va Dubayda bo‘lganman, lekin AQSH tajribasi butunlay boshqacha. Shunga qaramay, moslashish davrida uncha qiynalmadim, chunki iqlimi O‘zbekiston havosiga o‘xshash, faqat biroz yomg‘irliroq.

Yangi davlatga ko‘chib kelganingizda, agar oldindan tanishingiz bo‘lsa, bu juda katta yordam beradi. Chunki u sizdan oldin bu yerda yashagan, tartib-qoidalarni biladi, nimalar kerakligi va qaysi vaziyatda qanday yo‘l tutish lozimligini ko‘rsata oladi. Kelishdan oldin universitetda o‘qiyotgan bir-ikki o‘zbek talabalar bilan bog‘lanib, ular bilan maslahatlashdim. Bu moslashish jarayonini ancha yengillashtirdi.

Amerikani ko‘pincha “sehrli mamlakat” deb atashadi: lekin har bir joyning o‘ziga yarasha afzalliklari va kamchiliklari bor. Masalan, bu yerda xarajatlar O‘zbekistonga qaraganda ancha yuqori.

Talabalar uchun qonuniy ishlash imkoniyatlari cheklangan: faqat kampus ichida haftasiga 20 soatgacha ishlash mumkin. Agar 100% grant yutib kelgan bo‘lsangiz, universitet barcha xarajatlaringizni qoplaydi va moliyaviy qiyinchilik sezilmaydi.

Ammo grant yutmagan bo‘lsangiz, kontrakt asosida o‘qish moliyaviy bosimni yuzaga keltiradi. Bu esa ko‘p hollarda stress, yolg‘izlik va ruhiy siqilish holatlariga olib kelishi mumkin.

Umuman olganda, Amerika tabiatidan tortib ta’lim tizimigacha, infratuzilmasidan fikrlash tarziga qadar hamma narsada tubdan farq qiladi. Bu farqlarni his qilish va ularga moslashish esa talabaning eng katta tajribalaridan biri bo‘ladi.

Dars jarayonlari

Amerikadagi universitetlarda ta’lim odatda ikki asosiy semestrga bo‘linadi:

  • Kuzgi semestr — sentabr oyidan dekabr oyigacha davom etadi.
  • Bahorgi semestr — yanvar o‘rtalaridan may oyining oxirigacha davom etadi.

Bundan tashqari, yozgi semestr ham mavjud. Bu davrda odatda darslardan ortda qolgan yoki vizasi kech chiqqani sababli o‘qishni kech boshlagan talabalar o‘qishadi. Lekin asosiy ta’lim jarayoni kuzgi va bahorgi semestrlarda olib boriladi.

Talabalik hayoti

Amerika universitetlarida har bir talabaning kuni o‘ziga xos tarzda o‘tadi. Kundalik tartibimni aytadigan bo‘lsam, ertalab nonushta qilib universitetga yo‘l olaman. Darslar odatda soat 9:30—10:30 oralig‘ida boshlanadi va kechki 5:30—6:00 gacha davom etadi.

Har bir darsda turli professorlar va turli talabalar bilan birga o‘tirish imkoniyati bo‘ladi. Bu esa yangi fikrlar bilan tanishish, yangi do‘stlar orttirish va dunyoqarashni kengaytirishga yordam beradi.

Tushlik vaqti soat 12:00—13:00 oralig‘ida. Uzun darslardan keyin yarim soat yoki bir soatlik tanaffuslar bo‘ladi. Bu paytda dam olish, sport bilan shug‘ullanish yoki do‘stlar bilan suhbatlashish mumkin. Tanaffuslar charchoqni yozib, fikrlarni tartibga solishga yordam beradi.

aqsh, azizjon rahimov, xorijda ta’lim

Foto: Shaxsiy arxiv

Darslar tugagach, sport zalida shug‘ullanish, suzish, shuningdek futbol va basketbol kabi klublarda qatnashish imkoniyati mavjud. Universitet ichida turli musobaqalar, hatto milliy darajadagi sport turnirlari ham tashkil etiladi. Bundan tashqari, darslardan keyin loyihalar ustida ishlash yoki qo‘shimcha topshiriqlarni bajarish uchun universitetda qolish mumkin.

Kun yakunida esa uyga qaytib, qolgan vazifalarni davom ettiraman. Shu tarzda universitetdagi bir kunim mazmunli va samarali yakunlanadi.

Xarajatlar

AQSH’da talabalarning oylik xarajatlari grant darajasiga va turar joy tanloviga qarab keskin farq qiladi. Agar 100% grant bilan o‘qishga kirgan bo‘lsangiz, oyiga $1000 — 1500, ba’zan $2000 barcha xarajatlarni qoplash uchun yetarli bo‘ladi Bu summa yotoqxona, ovqatlanish, transport va kundalik ehtiyojlarga bemalol yetadi.

Ammo agar grant yutmagan bo‘lsangiz yoki universitet yotoqxonasidan tashqarida kvartira ijaraga olib yashasangiz, xarajatlar keskin oshadi. Bunday holatda oyiga $3500 — $4000 sarf bo‘lishi mumkin. Chunki kvartira ijarasi, kommunal to‘lovlar va mustaqil yashash xarajatlari ancha yuqori.

Shuning uchun AQSH’da o‘qishni rejalashtirayotgan talabalarga maslahat: xarajatlarni oldindan hisoblab, tayyorgarlik ko‘rib kelish juda muhim. Bu jarayon boshida ko‘plab qiyinchiliklarni kamaytirib, moslashishni osonlashtiradi.

Kelajakdagi reja va maqsadlar

Kelajakdagi eng katta maqsadim o‘z startapimni rivojlantirish. Hozirda ikki startap — “EduAI” va “Roatify” ustida ishlayapmiz va Xudo xohlasa, ularni yanada kengaytirib, Amerikada O‘zbekiston nomidan tanitish niyatim bor.

Shu o‘rinda meni doim qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onam va ustozlarimga, jumladan Sunatilla Ashirov, Otabek Shavkatov, Dilorom Kamilova hamda Aziza Saidakbarovaga minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, doim yonimda bo‘lgan do‘stlarimga ham minnatdorman: ularning yordamisiz bu natijalarga erisholmasdim.

Hanuzgacha AQSH’da O‘zbekiston haqida eshitmagan odamlar ham uchrab turadi. Shu bois, bir yosh o‘zbekistonlik sifatida mamlakatimiz nomini tanitish va rivojlanishga hissa qo‘shish men uchun katta mas’uliyatdir.

Shuningdek, kelajakda chet el universitetlariga hujjat topshiradigan yoshlarimizga qo‘ldan kelgancha yordam berishni istayman.

Maslahatlar. Eng katta maslahat hech qachon taslim bo‘lmaslik. Bu yo‘lda ko‘plab qiyinchiliklar bo‘ladi: imtihonlardan yiqilish, sertifikatlardan kutilgan natijani olmaslik, muvaffaqiyatsizliklar… Bu to‘xtash uchun hech qachon sabab bo‘la olmaydi. Har safar yiqilganda yana turib, harakatni davom ettirish kerak. “To‘qqizinchi marta yiqilsam, o‘ninchi marta turaman”, degan tamoyil hayotda juda muhim.