Markaziy bank yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning Paynet Xolis xizmatidan majburiy foydalanayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
“Biz moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda monopoliya tarafdori emasmiz. Bizga fintex startaplarini ko‘paytirish va ular ko‘rsatayotgan xizmatlar turini kengaytirish vazifasi yuklatilgan. Biz, albatta, xizmat ko‘rsatuvchi startaplar sonini oshirish tarafdorimiz”, — dedi u.
Regulyator raisi 2025-yil 1-noyabrdan joriy etilgan maxsus huquqiy rejim doirasida YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar faoliyatini faqat bitta to‘lov tashkilotining raqamli platformasi orqali amalga oshirishi belgilanmaganini qayd etib, boshqa tashkilotlar ham o‘z infratuzilmasidan kelib chiqqan holda xizmatlarni ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.
Yangi tartibga ko‘ra, har bir YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxsda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi shart. U raqamli platforma orqali generatsiya qilinadi. Bugungi kunda esa belgilangan talablarga faqat bitta — Paynet ilovasidagi Xolis xizmati javob beradi.
“Biz ularga [to‘lov tashkilotlari] bunday xizmatlarni amalga oshirishlari uchun yordam berishga tayyormiz”, — deya xulosa qildi Timur Ishmetov.
Nima bo‘lgandi?
2025-yilning 12-avgustida qabul qilingan prezident qarori bilan 2030-yil 31-dekabrgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishi belgilangan. Bu tartib to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalari, ya’ni mobil ilovalar orqali davlat va moliyaviy xizmatlardan onlayn foydalanish imkoniyatini yaratadi.
28-dekabr kuni jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining Telegramdagi kanalida Paynet ilovasidagi Xolis xizmati bo‘yicha murojaatlar kelib tushayotganini e’lon qildi. Xususan, ularda Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari, Toshkent shahari hamda Qoraqalpog‘istonda soliq xodimlari, hokim yordamchilari aholi va tadbirkorlarni ilovadan ro‘yxatdan o‘tishga majburlayotgani aytilgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning Xolis xizmatidan foydalanishga “ixtiyoriy-majburiy” jalb qilinishi bo‘yicha tanqidiy fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, maxsus huquqiy rejimda bu tartib bilan faqat Paynet shug‘ullanishi nazarda tutilmagan hamda uning doirasida boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ham o‘z xizmatlarini taklif qilishi mumkin edi.
Undan keyin Soliq qo‘mitasi holat yuzasidan munosabat bildirib, Xolis xizmati YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun shaffof faoliyatni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgani va undan foydalanish ixtiyoriy ekanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, boshqa to‘lov tashkilotlari bilan muqobil ilovalar ustida ish olib borilayotgani, Paynet IT Park rezidenti emasligi sababli maxsus soliq rejimi doirasida xizmat ko‘rsatishi mumkinligi bildirildi.
Avvalroq Spot maxsus QR-kod nimaligi, qanday rasmiylashtirish mumkinligi hamda qanday jarimalar mavjudligini tushuntirgandi.
