Hukumatning majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori (VM-23) qabul qilindi. Ushbu sohada nazoratni amalga oshirish uchun maxsus soliq inspeksiyasi tashkil etilmoqda.
Hujjatda raqamli markirovkadan foydalanish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilgan. Majburiy markirovkalanishi kerak bo‘lgan tovarlar ro‘yxatiga yangi pozitsiyalar qo‘shildi, shuningdek bir nechta amaldagi pozitsiyalar chiqarib tashlandi.
1-iyuldan boshlab o‘simlik yog‘ini raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasi ishga tushadi. Bir yil o‘tgach — 2027-yil 1-iyuldan boshlab uni majburiy qilish rejalashtirilmoqda.
Ro‘yxatdan lampalar va maishiy texnika toifasiga kiruvchi boshqa tovarlar chiqarib tashlanadi. Bundan tashqari, talab tarkibida sut miqdori 95%dan ortiq bo‘lgan sutli ichimliklar va kokteyllarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Shu bilan birga, spirtli ichimliklarni markirovkalash ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. 1-iyuldan boshlab ularni tayyorlash, quyish va idishlarni markirovkalash jarayonida Asl belgisi tizimi operatoriga ishlab chiqarish (quyish) sanasini ko‘rsatgan holda kodlardan foydalanish to‘g‘risida hisobot taqdim etiladi.
Shuningdek, iyuldan boshlab markirovkalanadigan tovarlarni sotishni nazorat qilishning yangi qoidalari kuchga kiradi. Ularni chakana savdo korxonalariga ulgurji sotishda elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) faqat markirovka kodlarini o‘qish texnikasi mavjud bo‘lganda shakllantiriladi.
EHFni shakllantirishda tizim litsenziya yoki xabarnoma hujjati mavjudligini, Asl belgisi tizimida ro‘yxatdan o‘tganligini, shuningdek markirovka kodlari to‘g‘ri aks ettirilganligini tekshiradi.
Ushbu sanadan boshlab cheklarda markirovka kodiga bog‘langan MXIKning avtomatik tarzda shakllantiriladigan kodi majburiy bo‘ladi. Shuningdek, chekda axborot tizimida mavjud bo‘lgan tovar markirovkasining haqiqiy kodi aks ettirilishi shart.
Bundan tashqari, vositachilik shartnomalari doirasida markirovkalangan mahsulotni sotishda markirovka kodlarini EHF va cheklarda aks ettirish majburiyati vositachiga yuklatiladi.
Avvalroq Spot dorixonalarda dori-darmonlarni sotishda elektron retseptlardan foydalanishni tekshirish kuchaytirilishi haqida yozgandi.
