2025-yilda milliy valyutadagi depozitlar va kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalari oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Real foiz stavkasi nominal foiz stavka va inflyatsion kutilmalar o‘rtasidagi farqni bildiradi. U depozitlarning haqiqiy samaradorligini va kreditlarning haqiqiy qiymatini aks ettiradi.
Jismoniy shaxslarning so‘mdagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan real foiz stavkasi yil davomida 6,7% dan 8,2% ga oshdi. Minimal ko‘rsatkich fevral oyida (5,9%) qayd etilgan bo‘lsa, aprel oyidan boshlab uzluksiz o‘sib borib, noyabr oyi yakuni bo‘yicha 8,5% lik eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.
Yuridik shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha real foiz stavkasi dekabr oyida 4,8% ni tashkil etdi, bu yil boshiga nisbatan 1,4% ga yuqori. Depozitlar fevral oyidagi eng past darajadan (2,7%) so‘ng to‘rt oy davomida o‘sib, iyun oyida 5,5% bilan maksimumga chiqdi.
Shu bilan birga, noyabr oyiga nisbatan jismoniy shaxslarning depozitlari bo‘yicha real foiz stavkalari 0,3 foiz bandga, yuridik shaxslarda esa 0,5 foiz bandga pasaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslar uchun real ko‘rinishdagi kreditlar ham yil boshidagi pasayishdan keyin sezilarli darajada ko‘tarildi. Yil yakunlari bo‘yicha o‘rtacha real foiz stavkalari mos ravishda 10,1% (+2,1%) va 9,4% (+1,9%) ni tashkil etdi.
Tijorat kreditlari bo‘yicha aholi uchun real foiz stavkasi 10,7% ni tashkil etib, bir oyda 0,5 foiz bandga, yil boshidan esa 2% ga o‘sdi. Yuridik shaxslarda ham bu ko‘rsatkich 10,7% ni tashkil etadi — bu yanvar oyiga nisbatan 2,2% ga ko‘p, noyabr oyiga nisbatan esa 0,8 foiz bandga kam.
Imtiyozli kreditlarning real foiz stavkalari aholi uchun -0,1% ni, biznes uchun -1,1% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, sentabrdan noyabrgacha ijobiy diapazonda shakllanib, mos ravishda 0,3% va 0,1% ga yetdi.
Avvalroq Spot 2026-yil yanvar oyida banklardagi dollardagi eng daromadli omonatlar sharhini taqdim etgandi.
