Rossiya Moliya vazirligi jismoniy shaxslar uchun bankomatlar va boshqa texnik qurilmalar orqali naqd pul kiritish chegarasini 1 mln rubl miqdorida o‘rnatishni taklif etdi.
Tegishli qonun loyihasi reulyator va Rosfinmonitoringga kelishish uchun yuborilgan. Bu haqda tashabbus bilan tanish bo‘lgan manbaga asoslanib, Interfaks axborot agentligi ma’lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, loyiha bilan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Hozirgi vaqtda qonunchilikda bankomatlar orqali hisobvaraqlarni naqd pul bilan to‘ldirish summasiga cheklovlar mavjud emas.
Hujjatga tushuntirish xatida bunday chora kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan mablag‘larning naqd pulsiz aylanmaga kiritilishining oldini olishga qaratilganligi ko‘rsatilgan.
Agar tuzatishlar qabul qilinsa, banklar o‘z operatsion tizimlari va biznes jarayonlarini takomillashtirishi kerak bo‘ladi. Yangi qoidalar qonun rasman e’lon qilingan kundan 180 kun o‘tgach kuchga kirishi rejalashtirilgan.
2025-yil dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Strategik rivojlanish va milliy loyihalar kengashi yig‘ilishida iqtisodiyotning yashirin sektoriga qarshi kurashish zarurligini ta’kidlab, iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilmaydigan vazmin yondashuv muhimligini ko‘rsatgan edi.
Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak o‘sha yig‘ilishda naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan iqtisodiyotni “oqlash” bo‘yicha alohida rejani amalga oshirish haqida ma’lum qildi.
Yanvar oyi o‘rtalarida, Interfaks manbasi ushbu ish doirasida Moliya vazirligining yana bir tashabbusi haqida ma’lum qilgan edi.
Unda jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasidagi naqd pul bilan hisob-kitob qilinadigan bitimlarni, agar ularning bir martalik miqdori 5 mln rubldan oshsa yoki umumiy oylik hajmi 50 mln rublga yetsa, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni taqiqlash imkoniyati ko‘rib chiqilayotgani aytilgan edi.
Hozirgi vaqtda bunday cheklovlar mavjud emas. Xususan, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart hisoblanadi.
Avvalroq Rossiya Davlat dumasi migrantlarning xorijga pul o‘tkazmalarini cheklash loyihasini rad etgani haqida xabar berilgandi.
Dumaning moliya bozori qo‘mitasi taklif etilayotgan o‘zgarish tarqoq xususiyatga ega ekanligini va tartibga solishda katta bo‘shliqlar qoldirishini ta’kidlamoqda.
