Ayrim elchixonalarda madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, Fransiya, Indoneziya, Xitoy, AQSH, BAA va Rossiyadagi elchixonalarining shtat jadvaliga qo‘shimcha madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi.
Ushbu lavozim xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning madaniyat va turizm sohalaridagi tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida joriy etilgan.
Maslahatchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘i taqdimnomasiga muvofiq tashqi ishlar vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
Maslahatchi tegishli davlatdagi diplomatik vakolatxona rahbariga bo‘ysunadi va uning ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish faoliyatiga ko‘maklashadi.
Maslahatchi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘iga hisobdor bo‘ladi.
Ushbu masala 15-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tilgandi.
Avvalroq O‘zbekiston AQSHda uchta konsullik ochishi va yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgan edi.
