Jizzax viloyatida sanoat va qishloq xo‘jaligi boshqaruvi takomillashtiriladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Jizzax viloyati hokimligi tuzilmasining umumiy shtat birliklari doirasida ikki nafar o‘rinbosar lavozimi kiritiladi. Jumladan:

  • hokimning tog‘li hududlar va yaylovlarni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • hokimning dasht va cho‘l hududlarida sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari.

Tog‘li hududlar va yaylovlarni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tog‘li hududlarda foydali qazilma zaxirasiga ega yerlarni aniqlaydi. Zarur infratuzilmani yaratib, tog‘-kon sanoati yo‘nalishidagi investitsiya loyihalarini amalga oshiradi.

U tog‘ va yaylov hududlarida sanoat, ishlab chiqarish, turizm, eksport bo‘yicha salohiyatni oshiradi, mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qiladi.

Yaylov hududlarida qishloq xo‘jaligiga mos keladigan “o‘sish nuqtalari"ni aniqlab, chorvachilik, bog‘dorchilik, asalarichilik sohalarini rivojlantiradi hamda eksportbop o‘simliklar yetishtirishni yo‘lga qo‘yadi.

Tog‘li hududlar va yaylovlarni muhofaza qiladi, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydi va global iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchan ekoturizmni yaratadi.

Dasht va cho‘l hududlarida sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosar esa dasht hududlarida yangi imkoniyatlarni aniqlaydi. Zarur infratuzilmani yaratish orqali viloyat sanoatidagi va yalpi ishlab chiqarish hajmlari ulushini oshiradi.

Cho‘l hududlarda yerosti suv zaxiralarini aniqlaydi, ulardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantiradi.

Dasht va cho‘lda ekologik infratuzilmani barpo etadi. Chang‘ bo‘ronlarining oldini olishga qaratilgan “yashil belbog‘lar” tashkil etadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish maqsadida quyosh panellari fermalari va shamol generatsiyasini ommalashtiradi.

2026-yildan o‘rinbosarlarning faoliyati samaradorligini baholashda natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. Bunda ularga KPI ko‘rsatkichlarini belgilashda tegishli hududlarda sanoatni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha strategik ko‘rsatkichlar va maqsadli indikatorlar ko‘zda tutiladi.

KPI ko‘rsatkichlari tasniflanadi (strategik, hudud va tuman), ularning o‘zaro mutanosibligi taʼminlangan holda ishlab chiqiladi.

Ularning KPI ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida belgilangan maqsadlarga erishganlik darajasi va natijadorligi bilan baholanadi.

Ushbu hokim o‘rinbosarlariga hududlar biriktirib beriladi. Xususan, tog‘li hududlar va yaylovlarni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarga Baxmal, Zomin, Forish, G‘allaorol, Yangiobod, Arnasoy va Do‘stlik tumanlari biriktiriladi.

Dasht va cho‘l hududlarida sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarga esa Zafarobod, Zarbdor, Mirzacho‘l, Paxtakor, Sharof Rashidov tumanlari va Jizzax shahri beriladi.

Avvalroq Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani o‘rtasida Yangi Jizzax shahri qurilishi haqida xabar berilgandi.