2026-yil yanvar oyi yakuniga ko‘ra, o‘zbek so‘mi ketma-ket ikkinchi oy dollarga nisbatan zaiflashishda davom etdi. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan oyda milliy valyuta AQSH dollariga nisbatan 173,77 so‘mga yoki 1,45% ga arzonlashib, 12 199,1 so‘mni tashkil etdi. Oyning birinchi yarmida kurs ikki marta 12 000 so‘mlik psixologik ko‘rsatkichdan pastga tushdi. Biroq yanvar oyining ikkinchi yarmida milliy valyuta keskin zaiflasha boshladi va 19-yanvardan beri 236 so‘mdan ortiq yo‘qotdi. Oy oxirida dollar past savdolar fonida o‘tkazilgan 9 ta savdo sessiyasidan 8 tasida qimmatlashdi.

Yanvar oyi yakunida O‘zbekistondagi barcha tijorat banklarida dollar kursi 12,2 ming so‘mdan pastligicha qoldi. Amerika Qo‘shma Shtatlari valyutasini eng yuqori narxda Biznesni rivojlantirish banki, Hamkorbank, Turonbank, Ziraat Bank Uzbekistan va Apex Bank 12 170 so‘mdan sotib olmoqda. Eng qulay sotish kursini esa Davr Bank 12 210 so‘mdan taklif etmoqda.

dollar kursi, yanvar, valyutalar kursi

2025-yilda milliy valyuta dollarga nisbatan 6,93% ga yoki deyarli 900 so‘mga mustahkamlanib, 12025,23 so‘mni tashkil etdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Spot’ga bergan intervyusida 2025-yilda so‘mning mustahkamlanish sabablari, uning narxlar va byudjetga ta’siri, oltin narxining oshishi tufayli zaxiralar zarurati haqida gapirdi, shuningdek, dollar kursi bo‘yicha prognoz va 2026-yil uchun kurs shakllanishi bo‘yicha kutilmalar bilan o‘rtoqlashgandi.

Avvaroq, 2025-yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari qariyb $19 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi.

Mamlakatga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 27,2% ga oshib, $18,9 mlrdni tashkil etdi. Bunga asosan rubl kursining mustahkamlanishi va migrantlar oqimining ko‘payishi ta’sir qildi.