Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Loyiha bilan garovga qo‘yilgan mulkni ishonib topshirilgan shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda tasarruf etish oz miqdor yoki ko‘p bo‘lmagan miqdorda sodir etilgan taqdirda ma‘muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Telekommunikatsiya hamda internetda uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzuvchi boshqa shu kabi harakatlar uchun ham ma‘muriy javobgarlik joriy etilmoqda.

Shuningdek, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda qatnashishni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish va namoyish etish uchun ham ma‘muriy javobgarlikni belgilash nazarda tutilyapti.

Qonun loyihasida shaxs tomonidan sodir etilgan o‘z huquqbuzarligini targ‘ib qiluvchi materiallarni ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmoqlarida tarqatish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

“Milliy tiklanish” fraksiyasi rahbari Alisher Qodirovning maʼlum qilishicha, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ning 183-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchalar internetda haqorat qilish uchun 5 mln so‘mgacha jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini nazarda tutadi. Uning aytishicha, fraksiya ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan.

“Jaholatga qarshi kurashish uchun faqat madaniyatning o‘zi yetarli emas, bu yerda jarimalar ham kerak”, — dedi Qodirov.

Qonun loyihasi yana ikki o‘qishdan o‘tishi kerak. Shundan so‘ng u Senat tomonidan maʼqullanishi, so‘ng prezident tomonidan imzolanishi lozim.

Avvalroq odometrni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik belgilanayotgani haqida xabar berilgandi.