Avvalroq prezident urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda bugungi kunda qurilish sohasidagi ruxsat olish jarayonlari 9 ta bosqichdan iborat bo‘lib, o‘rtacha 90−120 kun vaqt talab qilayotgani aytildi. Shu bilan birga, xalqaro amaliyotda “qurilishga tayyor yer” mexanizmi orqali bu ishlarga ketadigan vaqt 7−15 kunni tashkil etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mamlakatda ushbu tizimni joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, barcha tayyorgarlik jarayonlari va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish yer maydonlari auksionga qo‘yilishidan oldin bajariladi.

Natijada tadbirkor auksionda yerni yutib olgandan so‘ng qo‘shimcha hujjat yig‘masdan va kelishuvlardan o‘tmasdan, barcha hujjatlarni avtomatik tarzda olish imkoniga ega bo‘ladi. Qurilishga tayyor bo‘lmagan yerlarni auksionga chiqarish taqiqlanadi, jarayonlar esa shaffof va qisqa muddatlarda amalga oshirilishi taʼminlanadi.

Qurilish sifati, birinchi navbatda, loyiha hujjatlariga bog‘liq. ToshboshplanLITI, O‘zshaharsozlikLITI, O‘zGAShKLITI, Qishloq qurilish loyiha tashkilotlarining faoliyatini tubdan yaxshilash qayd etildi. Buning uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi va zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etiladi.

Taqdimotda bosh va master rejalarning yagona maʼlumotlar bazasi, qurilishga tayyor yer maydonlari bazasi — Yer banki, ko‘p kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, “eskrou” tizimi, quruvchilar reytingi va boshqalardan iborat Uy-joy axborot tizimini ishlab chiqish taklif etildi.

Prezident taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, sohada rejali, hisob-kitobga asoslangan va uzoq muddatli yondashuvlarni izchil joriy etish, belgilangan ko‘rsatkichlar ijrosini taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq ruxsatsiz ko‘p qavatli uy-joy qurilishlari uchun javobgarlik kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.