Prezidentning 2026−2027-yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjat bilan viloyat ushbu yillarda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari ham belgilandi.
Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmi yillik o‘rtacha 8,5%ga, sanoat ishlab chiqarish hajmi 7,8%ga, bozor xizmatlari hajmi 13,2%ga hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 4,6%ga o‘sishi taʼminlanadi.
2026-yilda ishsizlik darajasi 3%ga, kambag‘allik darajasi 2,8%ga tushiriladi.
Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Zomin va Zafarobod tumanlari kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.
Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Forish va boshqa tumanlarning 57 ta bog‘dorchilikka ixtisoslashgan mahallalarida 5 ming gektar eski bog‘ va tokzorlarni yangilash belgilandi.
Sharof Rashidov, Do‘stlik, G‘allaorol, Arnasoy va Zafarobod tumanlarida 40 ta mahallani o‘z faoliyati bilan qamrab oluvchi 5 ta tadbirkorlik markazlari tashkil etiladi.
Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh yer maydoniga Yangi Jizzax shahri joylashtiriladi. Unda 1200 xonadonli 50 ta ko‘p qavatli uylar quriladi.
Yanvar oyi oxirida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani yagona aglomeratsiya hududi sifatida rivojlantirilishi aytilgandi.
Avvalroq Jizzax viloyatida AES qurilishi vaqtida aholi ko‘chirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
