O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi bir kunda keskin oshdi.

2-fevral kuni suyultirilgan gaz narxi 4,5% ga ko‘tarilib, bir tonnasi uchun 7,84 mln so‘mdan oshdi va 16-yanvardan buyon eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Hafta davomida propan 5% dan ortiqqa yoki deyarli 400 ming so‘mga qimmatlashdi.

Shu bilan birga, taklif hajmi oldingi kunga nisbatan 28% ga qisqardi. Xususan, dushanba kuni propan savdosi 1537 tonnani tashkil etdi, bu 21-yanvarga nisbatan 35% kam. So‘nggi ikki haftada birjadagi o‘rtacha sotuv hajmi taxminan 2000 tonnani tashkil etdi.

12-yanvardan birjada propan narxining yuqori chegarasi qat’iylashtirildi. Raqobat qo‘mitasi propan narxining oshirish chegarasini 20% dan 10% gacha tushirdi va eng yuqori narxni 7,5 mln so‘m etib belgiladi. Shunday qilib, birja narxining yuqori chegarasi 8,25 mln so‘m bilan cheklandi.

Yil boshida propan 15% dan ortiqqa — bir tonnasi uchun 9,34 mln so‘mgacha qimmatlashgan edi. O‘shanda Raqobat qo‘mitasi narxlarning oshishini import va ichki bozorda talabning ko‘payishi bilan izohlagandi. Narx chegarasi kuchaytirilgandan so‘ng suyultirilgan gaz narxi 18% ga — bir tonnasi uchun 7,8 mln so‘mgacha pasaydi.

Bundan tashqari, monopoliyaga qarshi organ 92 ta propan importchisiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Bunga “birja narxini asossiz oshirish va savdolarda propan hajmini sun‘iy ravishda kamaytirish maqsadida muvofiqlashtiriilgan raqobatga qarshi harakatlar” sabab bo‘ldi. Nazorat organi chakana narxlarning asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoqilg‘i quyish shoxobchalarini ham kuzatib bormoqda.

Avvalroq 2-fevraldan metan “zapravka"lar faoliyati tiklanishi haqida xabar berilgandi.