Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oxirgi 8 yilda mamlakatda 120 mln kvadrat metr yoki 600 mingdan ziyod xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy-joy sotib olishga ko‘maklashish uchun 541 ming nafar fuqaroga 103 trln so‘m arzon ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi. Urbanizatsiya darajasi 1991-yildagi 40,3%dan 51%ga yetdi.

Davlat rahbari qilingan ishlar hali yetarli emasligini ko‘rsatib o‘tdi. Respublika bo‘yicha har yili 200 mingtaga yaqin yangi oila tashkil topmoqda. Hozirda aholining bir kishi boshiga o‘rtacha 18,9 kvadrat metr turar joy maydoni to‘g‘ri kelmoqda.

Bu ko‘rsatkichni kamida 23 kvadrat metrga yetkazish uchun 2040-yilgacha yangi uy-joy qurilishi surʼatini 280 mingtaga oshirish lozimligi aytildi.

Shu maqsadda urbanizatsiya sohasida boshqaruv yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yilib, alohida qo‘mita tuzildi, uning oldiga uy-joy qurish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish vazifasi qo‘yildi. Xususan, 2026-yilda 140 ming, 2027-yilda 150 ming va 2028-yilda 160 ming xonadonli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Prezident biznes va startaplar rivoji uchun sharoit yaratish, sanoat va AT klasterlarini shakllantirish, mehnat unumdorligini oshirishda aql bilan tashkil etilgan urbanizatsiya muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.

Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholi punktlari tartibsiz kengayib borishi ayrim hududlarda kelgusida ekin yerlarining tanqisligiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash, uy-joy qurilishida renovatsiya ulushini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Bunda renovatsiya hissasini hozirgi 15%dan 2040-yilga qadar 60%ga yetkazish, Yangi O‘zbekiston massivlarini barpo etishni kengaytirib, 120 taga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Avvalroq 2026-yil ipoteka kreditlari limiti oshirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.