AQSHdagi inson huquqlari tashkilotlari Tramp ma’muriyatini immigratsiya qonunchiligini buzishga urinishda ayblamoqda, deya xabar berdi The Guardian gazetasi.
Nashrning yozishicha, huquqni himoya qilish tashkilotlari AQSHda 75 mamlakat fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha Oq uy rahbari Donald Tramp ma’muriyatiga qarshi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Davlat kotibi Marko Rubio javobgar sifatida ko‘rsatilgan.
Sud jarayonini boshlagan shaxslar AQSH Davlat departamenti va uning rahbari Marko Rubioni muhojirlarning Qo‘shma Shtatlarda moddiy ta’minot va himoya olishga intilishi haqidagi asossiz gumonlar va yolg‘on bayonotlarda aybladilar.
Da’vo mualliflarining ta’kidlashicha, viza so‘rab murojaat qilganlarning aksariyati ko‘p yillar davomida moliyaviy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lmayapti.
Sudga murojaat qilishga qaror qilgan tashkilotlar fikriga ko‘ra, Tramp ma’muriyati o‘z harakatlari bilan “o‘n yilliklar davomida shakllanib kelgan immigratsiya qonunchiligini barbod qilishga” urinmoqda.
O‘z navbatida, Davlat departamenti viza “huquq emas, balki imtiyoz” ekanligini ta’kidladi. Departament matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, tekshiruv jarayonlarini o‘rganish va takomillashtirish maqsadida rasmiylar bunday hujjatlarni berishni vaqtincha taqiqlagan.
21-yanvardan AQSH O‘zbekiston va yana 74 davlat fuqarolariga immigrant vizasi berishni to‘xtatishi haqida xabar berilgandi.
Bu qaror kelgusida “davlat zimmasiga yuk” bo‘lishi mumkin bo‘lgan muhojirlarga nisbatan talablarni kuchaytirgan umumiy farmon doirasida qabul qilingan.
Mazkur qadam Tramp ma’muriyati tomonidan ilgari qariyb 40 ta davlatga nisbatan joriy etilgan immigratsiya va sayohat cheklovlarining davomi bo‘lib, prezident Donald Trampning chet elliklar uchun AQSHga kirish talablarini qat’iylashtirish siyosatining bir qismi hisoblanadi.
“Tramp ma’muriyati Amerika immigratsiya tizimidan Amerika xalqining boyligidan foydalanish maqsadida suiiste’mol qilinishiga barham bermoqda”, — deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
“Davlat ijtimoiy nafaqalarini olishi mumkin bo‘lgan chet el fuqarolarining kirib kelishini oldini olish uchun immigratsion vizalar bo‘yicha tartib-taomillar qayta ko‘rib chiqilguncha ushbu 75 davlatdan immigratsion viza berish vaqtincha to‘xtatiladi”.
Ushbu to‘xtatib turish 21-yanvardan kuchga kiradi va muvaqqat — ya’ni noimmigratsion vizalar (sayyohlik yoki xizmat safari vizalari) uchun murojaat qiluvchilarga tatbiq etilmaydi.
Tanaffus ta’sir qiladigan davlatlar ro‘yxati:
Afg‘oniston
Ozarbayjon
Albaniya
Jazoir
Antigua va Barbuda
Armaniston
Bagama orollari
Bangladesh
Barbados
Belarus
Beliz
Bosniya
Braziliya
Butan
Gaiti
Gambiya
Gana
Gvatemala
Gvineya
Grenada
Gruziya
Dominika
Misr
Iordaniya
Iroq
Eron
Yaman
Kabo-Verde
Qozog‘iston
Kambodja
Kamerun
Kolumbiya
Kongo
Kosovo
Kot-d'Ivuar
Kuba
Quvayt
Qirg‘iziston
Laos
Livan
Liberiya
Liviya
Makedoniya
Marokash
Moldova
Mo‘g‘uliston
Myanma
Nepal
Nigeriya
Nikaragua
Pokiston
Kongo Respublikasi
Rossiya
Ruanda
Sent-Kits va Nevis
Sent-Lyusiya
Sent-Vinsent va Grenadinlar
Senegal
Syerra-Leone
Suriya
Somali
Sudan
Tailand
Tanzaniya
Togo
Tunis
Uganda
Urugvay
O‘zbekiston
Fiji
Chernogoriya
Eritreya
Efiopiya
Janubiy Sudan
Yaman
AQSHning barcha elchixona va konsulliklariga yuborilgan alohida xabarnomada noimmigratsion viza uchun murojaat qiluvchilar AQSHda davlat ijtimoiy xizmatlaridan foydalanish ehtimoli bo‘yicha sinchiklab tekshirilishi lozimligi aytilgan.
Avvalroq AQSH 38 mamlakat fuqarolariga viza berish uchun garov joriy qilgandi.
Ular orasida Turkmaniston va Tojikiston ham bor bo‘lib, garov miqdori $5−15 mingni tashkil etadi. Ariza beruvchi viza muddati tugashidan oldin AQSHni tark etsa, pul qaytariladi.
