2024-yilda iste’molchilarga 1,5 trln so‘mdan ortiq keshbek to‘lab berildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha iste’molchilarga 1,51 trln so‘mdan ortiq keshbek to‘landi, bu 2024-yilga nisbatan 43,9% ga ko‘pdir. Chiqarilgan fiskal cheklar soni 1,6 mlrd donadan oshdi — yil davomida 56,7% ga o‘sdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili Soliq mobil ilovasida keshbek xizmatidan 7,47 mln kishi (32,5% ga o‘sish) foydalangan.
Bir chek uchun o‘rtacha summa 8,1% ga kamaydi — 102,6 ming so‘mdan 94,2 ming so‘mgacha, undan 942 so‘m keshbek qaytarildi.
Hududlar kesimida keshbek to‘lovlari summasi:
- Toshkent — 564 mlrd so‘m (+36,8%);
- Toshkent viloyati — 177,2 mlrd so‘m (+65,4%);
- Farg‘ona viloyati — 129,2 mlrd so‘m (+70,9%);
- Samarqand viloyati — 103,5 mlrd so‘m (+11%);
- Xorazm viloyati — 79,8 mlrd so‘m (+64,9%).
To‘langan keshbeklarning umumiy hajmida poytaxtning ulushi 39,1% dan 37,2% ga kamaydi. To‘lovlar hajmi bo‘yicha Farg‘ona viloyati Samarqand viloyatini ortda qoldirib, yuqori uchlikka kirdi. Shuningdek, Xorazm viloyati beshinchi o‘rinni egallab, Andijon viloyatini ortda qoldirdi.
2024-yil yanvar oyida Soliq ilovasida fiskal cheklarni skanerlashda 1% keshbek to‘lanadigan xaridlar summasiga cheklovlar joriy etilgan edi. Endi oyiga BHMning 60 baravari (22,5 mln so‘m) miqdoridagi cheklarni skanerlash mumkin.
Soliq qo‘mitasi fuqarolar tomonidan oyiga 204 ming so‘m miqdorida keshbek to‘lovlari miqdorini cheklash iste’molchilarning 98%iga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.
“Foydalanuvchilarning qolgan 2%i boshqa shaxslarga tegishli cheklar summasini o‘zlashtirish yoki tadbirkorlar tomonidan chekni xaridorga bermasdan, o‘zlari yoki qarindoshlari tomonidan o‘tkazish holatlari yuzasidan shikoyatlar mavjudligi sabab, mazkur tartib joriy etildi.
2024-yilda Soliq qo‘mitasi iste’molchilarga 1 trln so‘m keshbek to‘lagan. To‘lovlarning yarmi poytaxt va Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Chiqarilgan fiskal cheklar soni 1 mlrd donadan oshdi.
O‘tgan yil aprel oyida Soliq qo‘mitasi rahbarining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev biznesni qonuniylashtirish sharti bilan soliq keshbekini ikki baravar oshirishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Spot sud UzPostga nisbatan $2,6 mlnlik soliq talabini bekor qilgani haqida yozgandi.
Kompaniya 2021−2023 yillar uchun QQS undirmoqchi bo‘lgan Hududlararo soliq inspeksiyasi ustidan sudda ikki marta yutib chiqdi.

