Xitoy avtomobillarda yashirin elektron eshik tutqichlaridan foydalanishni qonunan taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan e’lon qilingan yangi xavfsizlik standartiga ko‘ra, mamlakatda sotiladigan barcha mashinalar tashqi tomondan mexanik tutqichlar va ichki tomondan mexanik favqulodda ochish mexanizmi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Qoidalar 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Me’yorlarni qat’iylashtirishga elektronikaning ishlamay qolishi oqibatida odamlar o‘z elektromobillarida halokatga uchragan va o‘lim bilan tugagan shov-shuvli hodisalar sabab bo‘ldi.
AQSHda o‘tkazilgan tadqiqot, shuningdek, Tesla Model Y va Model 3 eshik tutqichlari bilan bog‘liq muammolarni aniqladi: mexanik uzatma mavjud bo‘lsa-da, u ko‘pincha yo‘lovchilar, ayniqsa bolalar uchun tushunarsiz. Xitoyda xuddi shunday holat Xiaomi SU7 elektrokari bilan sodir bo‘ldi.
“Avtomobil eshik tutqichlari uchun xavfsizlik texnik talablari” nomli yangi standartni ishlab chiqishda 40 dan ortiq ishlab chiqaruvchi va ekspertlar ishtirok etdi.
Ular orasida Xitoyning BYD, Geely, SAIC, Xiaomi kompaniyalari, shuningdek, General Motors, Ford, Hyundai, Nissan, Porsche, Toyota va Volkswagen kabi xalqaro konsernlar bor edi.
Yashirin tutqichli dizayni boshqalar uchun namunaga aylangan Tesla kompaniyasi standartning rasmiy ishlab chiquvchilari ro‘yxatiga kiritilmadi.
Majburiy mexanik tutqichlardan tashqari, standart ularning joylashuvini, bosim kuchini, hamda rang va tuyg‘u bilan ajralib turishini tartibga soladi. Bu esa mexanik boshqaruvni hatto vahima holatida yoki avtomobilni bilmaydigan kishi uchun ham tushunarli qiladi.
Talablar nafaqat eshiklarga, balki yukxona qopqog‘iga ham taalluqli bo‘lib, ichkaridan mexanik tarzda favqulodda ochilishni ham nazarda tutadi.
