Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda mamlakatda maktabgacha taʼlim bilan qamrov 78%ga yetgani aytib o‘tildi. Qamrovni 80%ga yetkazish uchun yangi bog‘cha o‘rinlarini yaratish talab etilishi taʼkidlandi. 39 ta tuman va shaharda esa bog‘cha qamrovi 70%dan past darajada qolmoqda.
Shuningdek, davlat bog‘chalarida pedagoglarning 61%i, nodavlat bog‘chalarda esa 76%i o‘rta maxsus maʼlumotga egaligi kadrlar salohiyatini yana-da oshirish dolzarb masala ekanini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan bugungi taqdimotda maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Jumladan, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining taʼlim dasturi majburiy umumiy o‘rta taʼlimning dastlabki bosqichi sifatida joriy etiladi. Bunda bolalarni maktab taʼlimiga puxta tayyorlash, taʼlimda uzluksizlikni taʼminlash asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.
Maktabgacha taʼlim tizimida o‘yinga asoslangan taʼlim modeli joriy etilib, bolaning tabiiy qobiliyati va qiziqishlarini hisobga olgan holda taʼlim-tarbiya jarayoni tashkil qilinadi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv muhiti yangilanadi.


Shuningdek, Yangi avlod maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘ini shakllantirish rejalashtirilgan. 2026−2028-yillarda har bir hududda 120 o‘rinli Yangi avlod davlat bog‘chalari hamda ularning tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etiladi. Mazkur bog‘chalarda qo‘shimcha rahbar hamda tarbiyachi-yo‘riqchi shtatlari joriy qilinib, rahbar va pedagog xodimlarga tarif stavkasiga nisbatan 20% miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Maktabgacha va umumiy o‘rta taʼlim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu orqali taʼlim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni kengaytirish va qamrovni oshirish maqsad qilingan.
Kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. 2026−2027-o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha taʼlim dasturlari xalqaro ilg‘or tajribalarga mos ravishda takomillashtiriladi. Shu bilan birga, amalda ishlab kelayotgan o‘rta maxsus maʼlumotli pedagog kadrlar uchun dual taʼlim (5+1) asosida bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.
2027−2028-o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida taʼlim-tarbiya olgan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishi, mazkur maʼlumotlar umumiy o‘rta taʼlim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etilishi ko‘zda tutilmoqda.
12 yillik ta‘lim
2025-yilning sentabrida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirining sobiq o‘rinbosari Sardor Rajabov maktabga tayyorlov tizimini maktab ta‘limiga qo‘shish orqali 12 yillik ta‘lim tizimiga o‘tish bo‘yicha topshiriq berilganini aytgandi.
Rajabovning qayd etishicha, bu xorijiy oliygohlarga o‘qishga kirayotgan yoshlarning tayyorlov kurslarida (Foundation courses) o‘qish majburiyatini bekor qiladi.
Keyinroq advokat, ta’lim muassasalari tarmog‘i va Profi universiteti asoschisi Bektosh Hatamov 12 yillik maktab ta’limi qanday bo‘lishi haqida so‘z yuritgandi. Unga ko‘ra, ushbu tizim quyidagi uch bosqichdan iborat bo‘ladi:
- 1 yillik tayyorlov va 4 yillik boshlang‘ich ta’lim;
- 5 yillik umumiy o‘rta ta’lim (5−9-sinflar);
- 2 yillik to‘liq o‘rta ta’lim — maktab, akademik litsey hamda harbiy maktab va texnikumlarda.
Shuningdek, Hatamov bir yillik tayyorlov guruhlarining hisobiga bolalar maktabga 6 yoshdan borishini qayd etgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda maktab va shifoxonalarni ta‘mirlash hamda qurish jamg‘armasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.


