3-fevral kuni O‘zbekiston fuqarolarining maʼlumotlari bir nechta resurslar, jumladan, darknetdagi saytlarda tarqalgani va ularga oid havolalar haqidagi xabarlar e‘lon qilindi.
Markaziy bank holat bo‘yicha izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, hozirda tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan bunday kiberhujum sodir etilishi qayd etilmagan.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolardan nomaʼlum va shubhali manbalarda tarqatilayotgan havolalarga kirmaslik so‘ralmoqda.
Shuningdek, bank karta rekvizitlari, SMS-kodlar va parollar kabi shaxsiy maʼlumotlarni hech kimga bermaslik lozim. Axborotga faqat rasmiy manbalar orqali eʼlon qilingan maʼlumotlar asosida ishonish tavsiya etiladi.
Shubhali holatlarga duch kelinganda esa tegishli vakolatli organlarga murojaat qilish kerak.
O‘zi nima gap?
Bir kun avval darknetda 15 mln fuqaroga tegishli shaxsiy maʼlumotlar tarqalgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Holat bo‘yicha Kiberxavfsizlik markazi o‘rganishlar olib borilayotganini bildirgandi. Milliy statistika qo‘mitasi esa ushbu xabarlar fonida, aholini ro‘yxatga olishda to‘plangan barcha maʼlumotlar alohida serverda shifrlangan holda xavfsiz saqlanayotganini ma‘lum qilgan.
Global Move kompaniyasi rahbari, IT mutaxassis Nuruddin Iminohunov agar haqiqatdan xakerlar tizimni buzib, ma’lumotlarni tarqatgan bo‘lsa, kiberxavfsizlik markazi jarimaga tortilib, tizimni ishlab chiqqan kompaniyalar javobgarligi belgilanishi kerakligini ta’kidladi.
Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov esa tarqalgan ma’lumotlar 2023-yilga tegishli bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Spot, avvalroq, internetga fuqarolarning qanday ma’lumotlari sizib chiqqani haqida yozgandi. IIV va Soliq qo‘mitasi tizimlar xavfsizligi ta’minlanganini bildirgandi, IHMA esa eski bazaga kiberhujum bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
