Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyatda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017-yilda 7 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, 26,6 mln so‘mga yetdi yoki 3,8 barobar o‘sdi. Bu iqtisodiy faollik va aholi daromadlari sezilarli oshganini ko‘rsatadi.
Bandlik va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham ijobiy sur‘at qayd etildi. O‘tgan yilda 519 ming nafar aholining bandligi ta‘minlanib, ularning daromadlari oshirildi va 53 ming oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. Endilikda 2026-yil yakuniga qadar ishsizlikni 3%ga, kambag‘allikni esa 2,7%ga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Investitsiya va tashqi savdo sohasida ham sezilarli o‘sishga erishilgani qayd etildi. Viloyatda 26 ta yirik, 357 ta o‘rta va kichik investitsiya loyihalari ishga tushirilib, salkam $3 mlrd xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Eksport hajmi izchil oshdi, eksportchi korxonalarning soni kengaydi.
Qishloq xo‘jaligida o‘tgan yili 94,3 ming gektar maydonda 816,7 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 86,6 sentnerni tashkil etdi. Paxtachilikda 72 ming gektarda 324 ming tonna hosil olindi. Meva-sabzavot eksporti $403 mlnga yetdi. Tomorqachilik va ixcham issiqxonalar orqali minglab xonadonlar barqaror qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Yig‘ilishda Farg‘ona viloyatini rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab olindi.


Qayd etilganidek, viloyatda investitsiya va eksport hajmlarini izchil oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga tizimli hamda manzilli yondashish talab etiladi. Shu maqsadda Farg‘ona viloyati uchun umumiy qiymati $8,2 mlrd bo‘lgan yangi yirik loyihalar paketi shakllantirilgan.
Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati $4,2 mlrd bo‘lgan loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning $2,7 mlrdi sanoat, $210 mlni qishloq xo‘jaligi, $1,2 mlrdi servis va turizm sohalariga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, o‘tgan yillarda sanoat maqsadlari uchun ajratilgan 2115 gektar yer maydonining 40%i haligacha auksionga chiqarilmagani qayd etildi. Qo‘shimcha yer ajratishdan oldin mavjud bo‘sh yerlar infratuzilmasini yaxshilash va ularni tadbirkorlarga taklif etish orqali investitsiya loyihalarini joylashtirish samaradorligini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Joriy yilda jami 595 ming nafar, shundan 98 ming doimiy ish o‘rni yaratish, 423 ming aholini daromadli qilish hamda 74 ming ish o‘rnini “soya"dan chiqarish rejalashtirilgan.
Buvayda, Uchko‘prik, Quva, O‘zbekiston, Yozyovon tumanlari hamda Marg‘ilon, Farg‘ona, Qo‘qon va Quvasoy shaharlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Shu maqsadda 7 ta tuman va 132 ta “og‘ir” mahallada infratuzilmani yaxshilash orqali ishsizlik va kambag‘allikni ikki karra qisqartirish uchun 800 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, banklar tomonidan “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 1,4 trln so‘mlik kredit resurslari yo‘naltiriladi.
Avvalroq Farg‘onada turistik-rekreatsion zona tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.


