Avvalroq prezident raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot mahsulotlarini xom holda emas, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot sifatida sotish orqali eksport hajmini $510 mlnga yetkazish vazifasi belgilandi. Shu bois, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati $175 mln bo‘lgan agrologistika markazlari barpo etiladi.

O‘zbekiston, Beshariq va Oltiariq tumanlarida chorvachilik, sutni qayta ishlash va naslli jo‘ja yetishtirish yo‘nalishlarida umumiy qiymati $21 mln bo‘lgan 4 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ijtimoiy infratuzilmani aholining o‘sishiga mos ravishda rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi. Joriy yilda 33 ta maktab qurilishi va rekonstruksiyasi uchun 343 mlrd so‘m ajratilmoqda. Hudud rahbarlariga qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish va xususiy sektorni jalb qilish orqali infratuzilmani yaxshilash vazifasi qo‘yildi.

Turizm salohiyatini kengaytirish maqsadida So‘x tumanida Ugam va Miraki tajribasi asosida turizm majmualari tashkil etiladi, Farg‘ona tumanida yirik turistik-rekreatsion zona barpo qilinadi. Qo‘qon shahrida yangi turizm maskanlari barpo etilib, madaniy meros obyektlari bo‘ylab sayohat marshrutlari yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Qo‘qon shahrida 17 ta davlat idorasini Yangi O‘zbekiston massiviga ko‘chirish orqali aholiga barcha davlat xizmatlarini bir joyda ko‘rsatadigan qulay va samarali tizimni shakllantirish vazifasi belgilandi.

Axborot texnologiyalari sohasida Farg‘ona viloyati iqtisodiyotining muhim drayveri sifatida IT yo‘nalishini jadal rivojlantirish rejalashtirilgan.

Hozirda viloyatda 139 ta IT-park rezidenti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda axborot texnologiyalari xizmatlarining hajmini 3,5 trln so‘mga, eksportni esa $30 mlnga yetkazish maqsad qilingan. Farg‘ona shahrida yangi IT-park va majmuasi, Marg‘ilon shahrida xalqaro IT oliygohi, shuningdek, Farg‘ona shahrida Muhammad al-Xorazmiy vorislari loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari yig‘ilish yakunida har bir loyihani aholi bandligi va turmush darajasini oshirish bilan uzviy bog‘lab amalga oshirish, belgilangan vazifalar ijrosi uchun mutasaddilarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Spot, avvalroq, Rossiya ishtirokida Farg‘onada qiymati $50 mlnlik agrologistika markazi qurilishi boshlangani haqida yozgandi.