Avvalroq prezidentning Jizzax viloyatida sanoat va qishloq xo‘jaligi boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, davlat rahbari 2026−2027-yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qarorni imzolagandi.
Hujjat bilan, viloyatda xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmini $5 mlrdga, 2026-yilda hududdan eksportni $500 mlnga yetkazish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimining tog‘li hududlar va yaylovlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari joriy yil yakuniga qadar umumiy qiymati $1,5 mlrd bo‘lgan 39 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishni ta‘minlashi kerak. Cho‘l va sahro hududlari bo‘yicha o‘rinbosar uchun esa $1 mlrdlik 60 ta loyiha maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan.
Mart oyi boshigacha 50 ta mahalliy korxonada ishlab chiqariladigan, umumiy qiymati 350 mlrd so‘mlik mahsulotlar tannarxini pasaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Viloyat hokimligi dasturga kiritilgan korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatadi.
Xususan, O‘zavtosanoat davlat idoralari bilan birgalikda viloyatda avtomobillar uchun kamida 200 turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi kerak. Joriy yilda ularning lokalizatsiyasini 40%ga yetkazish uchun $120 mln yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Geologiya vazirligi ISSV va Jizzax viloyati hokimligi bilan birga 1-iyungacha Uchqulochdagi qo‘rg‘oshin-rux konida geologiya-qidiruv ishlarini yakunlashi kerak. Iyul oyiga qadar volfram qazib olish va qayta ishlashni ko‘paytirish bo‘yicha 5 yillik dastur loyihasi ishlab chiqilishi kutilmoqda.
1-avgustga qadar noruda qazilmalar, jumladan, ohak va granit zaxiralari bo‘lgan 35 ta uchastkani savdoga chiqarish vazifasi qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, 1-sentabrga qadar Geologiya vazirligi 11 tonna oltin zaxirasiga ega istiqbolli Avliyo uchastkasiga investorlarni jalb qilishi kerak.
1-oktabrga qadar Chirchiq texnoparki mahalliy filiali hududidagi 10 ming kv.m. maydonga ega bo‘sh turgan binoni biznesga taklif qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, investorlarga xizmat ko‘rsatish uchun Jizzax viloyati maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari yagona direksiyasini tashkil etish bo‘yicha qaror ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Jizzaxdagi Avtomobilsozlik muhandislik maktabida BYD Uzbekistan Factory va ADM Jizzakh korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi.
