01

Nima bo‘ldi?

2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi ishga tushdi. Endi kasal bo‘lsangiz, homiladorlik ta’tiliga chiqsangiz yoki ishni yo‘qotsangiz, nafaqa ish beruvchi emas, Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi.

Bu tartib 2025-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi qonun (O‘RQ-1101-son) asosida joriy etildi.

Qonun davlat tibbiy sug‘urtasi va ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar sug‘urtasiga taalluqli emas.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning 17-dekabrida qabul qilingan hukumat qarori (VMQ-796-son) bilan tizim doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi tasdiqlangan.


02

Qanday nafaqalar bor va qachondan joriy qilinadi?

Yangi tizim doirasida quyidagi nafaqalar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda:

  • Homiladorlik va tug‘ish (dekret puli) — 2026-yil 1-yanvardan.
  • Kasallik tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi — 2026-yil 1-iyuldan.
  • Ishni yo‘qotish (ishsizlik nafaqasi) — 2030-yil 1-yanvardan.

03

Oldin qanday edi, endi nima o‘zgardi?

Avval ijtimoiy nafaqalarning katta qismi ish beruvchi mablag‘lari hisobidan to‘lanardi. Bu ayrim hollarda, xususan xususiy sektorda, xodimlarning nafaqa olishida muammolar keltirib chiqarardi.

Endi barcha to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek:

  • Ish beruvchi hisobidan to‘lash amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilindi.
  • Nafaqalar proaktiv, ya’ni arizasiz tarzda tayinlanadi.
  • Rasmiy bandlik va to‘langan badallar bilan nafaqa o‘rtasida aniq bog‘liqlik o‘rnatildi.

04

Ish beruvchilar majburiyatlari

Yangi tizim ish beruvchilarni homiladorlik va tug‘ish hamda kasallik nafaqalarini o‘z hisobidan to‘lash majburiyatidan ozod etadi. Biroq, ularning quyidagilar uchun javobgarligi qoladi:

  • xodimlarni rasmiy ishga qabul qilish;
  • ish haqi va ish stajiga oid ma’lumotlarni davlat tizimlariga to‘g‘ri va o‘z vaqtida kiritish;
  • ijtimoiy soliqlarni belgilangan tartibda to‘lash.

05

Kimlar sug‘urta bilan qamrab olinadi?

Tizimga ikki yo‘l bilan qo‘shilish mumkin: majburiy va ixtiyoriy.

Majburiy:

  • mehnat shartnomasi asosida ishlayotganlar;
  • rahbarlar;
  • fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida ishlayotganlar;
  • ishlarni bajaruvchi yoki intellektual mulk obyektlarini yaratuvchi fuqarolar.

Ixtiyoriy:

  • o‘zini o‘zi band qilganlar;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar;
  • shaxsiy tomorqa yerida band bo‘lganlar;
  • xorijda ishlayotgan fuqarolar;
  • ishlamaydigan, lekin badali turmush o‘rtog‘i tomonidan to‘lanadigan shaxslar;
  • tomorqa, chorva, issiqxona, asalarichilik bilan shug‘ullanuvchilar va boshqalar.

Majburiy yoki ixtiyoriy bo‘lishidan qat’i nazar — huquq va majburiyatlar bir xil.

06

Nafaqalar qanday tayinlanadi?

Kasallik va homiladorlik nafaqalari arizasiz, avtomatik (proaktiv) tarzda tayinlanadi. Ma’lumotlar tibbiyot, soliq va mehnat tizimlari orqali elektron tarzda tasdiqlanadi. Fuqaroga SMS orqali xabar yuboriladi.

Ishdan bo‘shatish nafaqasi esa fuqaro murojaati asosida tayinlanadi, arizani ish beruvchi yoki elektron davlat tizimlari orqali berish mumkin.

07

Sug‘urta badallari qanday to‘lanadi?

Rasmiy ishlovchilardan qo‘shimcha to‘lov olinmaydi:

  • jismoniy shaxs to‘laydigan 12% daromad solig‘ining 0,2%i;
  • ish beruvchi to‘laydigan ijtimoiy soliqning 0,3%i sug‘urta jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Xodimdan hamda ish beruvchidan qo‘shimcha badal talab qilinmaydi.

Ixtiyoriy sug‘urtada minimal oylik badal — 63 550 so‘m.

Ushbu sug‘urta asosida qamrab olingan fuqarolar badallarni to‘lab, tizimga qo‘shilish va sug‘urta stajiga muvofiq ijtimoiy nafaqalardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

08

Nafaqa miqdori qanday hisoblanadi?

Nafaqalar o‘rtacha oylik ish haqi va sug‘urta stajiga qarab belgilanadi.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi bo‘yicha:

  • 10 oydan 24 oygacha (24-oy ham kiradi) sug‘urta stajiga ega bo‘lganda — 75%;
  • 25 oydan 60 oygacha — 85%;
  • 60 oydan ortiq bo‘lganda — 100%.

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi bo‘yicha:

  • ish staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lsa — o‘rtacha ish haqining 60%i;
  • ish staji 8 yildan ortiq bo‘lsa — 80%.

Imtiyozli toifalar, jumladan I va II guruh nogironligi bo‘lganlar, qaramog‘ida 18 yoshga to‘lmagan 4 yoki undan ortiq farzandi borlar, yoki farzandlaridan kamida birida nogironligi bo‘lgan sug‘urtalangan shaxslar uchun staj koeffitsiyenti 20 foiz bandga oshiriladi.

09

Minimal staj talabi

  • homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun — kamida 10 oy;
  • vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi uchun — kamida 6 oy.

Bunda nafaqani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqining MHTEKMning 10 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi inobatga olinadi.

10

Staj qanday aniqlanadi?

Sug‘urtalangan shaxslarga ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlarni tayinlashda sug‘urta staji sifatida quyidagilar hisobga olinadi:

  • 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — agar Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan bo‘lsa;
  • 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar — yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan bo‘lsa;
  • 2020-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrga qadar — ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa;
  • 2026-yil 1-yanvardan — Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan bo‘lsa.

Shu bilan birga, sug‘urta stajiga ish haqi saqlangan/qisman saqlanadigan hamda ijodiy ta’tillar, ta’lim va harbiy o‘quvda qatnashgan oylar kiritiladi.

11

Nafaqa qachon to‘lanadi/to‘lanmaydi?

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda to‘lanadi:

  • kasallik yoki jarohatda;
  • sanatoriyda davolanganda;
  • oila a’zosini parvarishlashda;
  • karantinda;
  • protezlash yoki reabilitatsiyada.

Quyidagi hollarda esa rad etiladi:

  • ish haqi saqlanmaydigan yoki qisman saqlanadigan ta’tilda;
  • bola parvarishi ta’tilida;
  • o‘quv yoki harbiy yig‘inlar davrida.
  • harbiy o‘quv yoki tekshiruv yig‘inida;
  • ishdan ajralmagan holda o‘qish uchun berilgan ta’tilda.

12

To‘lovlar

Tayinlangan to‘lovlar moliyaviy agent — Xalq banki va Aloqabank orqali o‘tkaziladi.

To‘lov sug‘urtalangan shaxsning ijtimoiy kartasiga, agar bunday karta mavjud bo‘lmasa boshqa bank kartasiga o‘tkaziladi.