Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarga ajratish va reyestrdan chiqarish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, ariza beruvchi oilasini reyestrga kiritish uchun davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi.
Shuningdek, Yagona milliy ijtimoiy himoya AT, Yagona portal yoki Ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ariza berish ham mumkin.
Har bir oila tomonidan ariza topshirish 1 oyda 1 marta amalga oshiriladi. Dastlab oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati dastlabki baholashdan o‘tkaziladi.
Baholash natijasi bo‘yicha ariza beruvchining oilasini “davlat taʼminotidagi oila” va “kambag‘al oila” deb topishni rad etish uchun asoslar aniqlanmaganda ariza ijtimoiy xodimning shaxsiy kabinetiga savolnoma to‘ldirish uchun yuboriladi.
Ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan savolnoma axborot modulida avtomatik ravishda “mahalla yettiligi"ga yo‘naltiriladi. Xulosa “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlangandan so‘ng Yagona milliy ijtimoiy himoya 3 ish kuni ichida oilani ijtimoiy-iqtisodiy holatini yakuniy baholashdan o‘tkazadi.
Oilaning har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan 1 oylik jami o‘rtacha daromad oxirgi 3 oy uchun hisoblab chiqilgan barcha oila aʼzolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila aʼzolari soniga va uchga bo‘lish orqali aniqlanadi.
Reyestrga oilalar “davlat taʼminotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratilgan holda kiritiladi.
Oilalar reyestrga kiritilgan kundan boshlab belgilangan muddatlarda oila aʼzolari ishtirokida savolnomani qayta to‘ldiradi. Davlat taʼminotidagi oilalar uchun bu jarayon har 12 oyda, kambag‘al oilalar uchun esa har 6 oyda amalga oshiriladi.
Qaror bilan “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga individual reja ishlab chiqish va uning ijrosini taʼminlash tartibi to‘g‘risida"gi nizom ham tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, Individual rejani ishlab chiqish mazkur oila Ijtimoiy reyestrga kiritilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Oila reyestrga kiritilgandan so‘ng 3 ish kuni ichida oila yashaydigan mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi tomonidan Onlayn mahalla elektron platformasi orqali, ijtimoiy xodim tomonidan axborot moduli orqali individual reja ishlab chiqiladi.
Individual reja oilaning imkoniyatlari, ko‘nikmalari, qiziqishlari, fikri, yashash sharoiti hamda reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlari inobatga olingan holda ishlab chiqiladi.
Individual rejada oilaga taqdim etiladigan qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlar, ularni taqdim etish tartibi, muddati va ularga masʼul davlat organi ko‘rsatiladi.
Individual rejada xizmatlar shakllantirilgandan so‘ng u oilaning muomalaga layoqatli aʼzosiga tanishtiriladi.
“Mahalla yettiligi” tomonidan individual reja ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Muhokama natijasiga ko‘ra, oddiy ko‘pchilik ovozi bilan rejani tasdiqlash yoki uni hokim yordamchisi va ijtimoiy xodimga qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarish haqida qaror qabul qilinadi.
Individual rejalarning ijrosi hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan har 3 oyda kamida 1 marta o‘rganib boriladi.
O‘tgan yilning dekabrida ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun yangi qo‘llab-quvvatlash tartiblari joriy etilishi bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi.
Avvalroq O‘zbekistonda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar uchun $500lik omonatlar ochilgani haqida xabar berilgandi.
