TechStars akseleratorining Founder Catalyst xalqaro preakseleratsiya dasturi ilk bor o‘zbekistonlik startaplar uchun arizalar qabul qilishni boshladi, deya xabar bermoqda UzVC venchur fondi.
Onlayn dastur startaplarni investitsiyalarni jalb qilish va kengaytirishga tayyorlash uchun mo‘ljallangan.
Unda $400 mingdan ortiq bo‘lmagan investitsiyalarni jalb qilgan minimal hayotiy mahsulot (MVP) bosqichidagi tijorat loyihalari ishtirok etishi mumkin.
Tayyorgarlik davomida ishtirokchilar “yakkashoxlar” asoschilaridan iborat mentorlar bilan individual sessiyalardan o‘tishlari va investorlar uchun pitchinglarni tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar olishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, ular uchun mahsulot va bozor o‘rtasidagi muvofiqlikni topish (Product-Market Fit) bo‘yicha mahorat darslari tashkil etiladi.
Dastur muddati 10 hafta (16-martdan 22-maygacha) davom etadi. Mashg‘ulotlar TechStars hamkor tashkilotlari negizida quyidagi beshta joyda o‘tkaziladi:
- Istanbul (Turkiya);
- Sarayevo (Bosniya va Gersegovina);
- Omaxa (AQSH, Nebraska shtati);
- Belfast (Buyuk Britaniya);
- O‘zbekiston.
Ishtirok etuvchi startaplar Amazon Web Services, Google Cloud, Stripe va boshqa platformalardan jami $4 mln miqdorida kredit shaklida bonuslar oladi. Dastur ingliz tilida o‘tkaziladi.
Ishtirok etish uchun arizani 2026-yil 13-fevralgacha topshirish va havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Techstars Global Founder Catalyst — bu dastlabki startaplar uchun xalqaro onlayn dastur bo‘lib, u asoschilarga mahsulotni rivojlantirish, g‘oyani sinab ko‘rish, mutaxassislardan o‘rganish va o‘sish hamda sarmoya kiritishga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.
Avvalroq Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda 2030-yilga borib qiymati $100 mlndan ortiq bo‘lgan 25 ta startap paydo bo‘lishi haqida aytgandi.
Startaplarga soliq imtiyozlari berish, grantlar ajratish va ishlanmalarni birgalikda moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.
