Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda sohada davlat nazoratini takomillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Suv olish joylarida suvni boshqarish va hisobini yuritishni takomillashtirish maqsadida sholi yetishtiriladigan hamda baliqchilik xo‘jaliklari tashkil qilingan yer maydonlarida “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalari o‘rnatiladi. Ular “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy bo‘linmalarida suv tejovchi texnologiyalardan hamda suvdan foydalanishni monitoring qilish bo‘limlari tashkil etiladi.

Tadbirkorlarda inspeksiya tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni yonkameralardan foydalangan holda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Inspeksiyaga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida suvdan foydalanish va suv isrofini monitoring qilish maqsadida uchuvchisiz uchish dronlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, o‘rnatilgan suv tejovchi texnologiyalaridan maqsadli foydalanilishida nazoratni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Ular joriy qilingan va subsidiya ajratilgan yerlarda texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, an’anaviy usulda sug‘orish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi.

Fermerlarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishdagi manfaatlarining himoyasini kuchaytirish uchun “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ularni o‘rnatish masalalari yuzasidan sudlarga da’vo arizalarini kiritishda davlat bojidan ozod qilish taklif etildi.

Bundan tashqari, sohada kadrlar salohiyatini oshirish dolzarb masala ekanligi qayd etildi.

Taqdimotda ilg‘or xorijiy tajriba asosida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yuzasidan rejalar haqida axborot berildi. Jumladan, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 mingta fermer xo‘jaliklari xodimlarining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xo‘jaligi xodimi malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda dronlardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar yumshatilishi mumkinligi haqida yozgandi.