Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2,6 mln gektarga yoki sug‘oriladigan yer maydonlarining 60%iga yetdi. Taqqoslash uchun, 2017-yilgacha mamlakatda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar jami 19 ming gektarni tashkil etgan. Natijada har yili 2,5 mlrd kub metr suv tejalishiga erishilmoqda.

Taqdimotda bu boradagi ishlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha yangi takliflar ko‘rib chiqildi. 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda o‘rnatib, bunday maydonlarni 3,5 mln gektarga yoki jami sug‘oriladigan yerlarning 80%iga yetkazish rejalashtirilgan. Natijada har yili 3,5 mlrd kub metr suvni iqtisod qilish, 300 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sug‘orish imkoniyati yaratiladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv ta’minoti og‘ir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratishi qayd etildi. Buning uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari qo‘llanadi.

Xususan, suv resurslari uchun soliq stavkasi va subsidiyalar miqdorini yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilash taklif qilindi. Masalan, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududdagi sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning yangi tizimi joriy etiladi.

Bunda tegishli loyiha-smeta hujjatlari va loyihani amalga oshirish bo‘yicha ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma asosida subsidiya mablag‘larining 50%i Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan oldindan ajratiladi.

Endilikda boshoqli don ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlar uchun ham subsidiya beriladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni xarid qilish va qurish maqsadida banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foizlarni qisman qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi. G‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun kredit mablag‘lari har yil noyabr oyidan boshlab ajratiladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni qurib bergan pudrat tashkilotlari har bir loyihaga kamida 2 yillik kafolat muddati berishi hamda 5 yil davomida servis xizmatlarini ko‘rsatishi majburiy etib belgilanadi.

Avvalroq prezident urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.