O‘zbekiston va AQSH muhim minerallar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Telegram kanalida xabar berdi.
Ikki davlat hukumatlari o‘rtasida muhim foydali qazilmalar va nodir yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida ta‘minot barqarorligi to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan imzolangan.



Vazirning yozishicha, O‘zbekiston o‘ta muhim minerallarni nafaqat iqtisodiy imkoniyat, balki mas‘uliyatli hamkorlik va uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun muhim yo‘nalish sifatida ko‘radi.
2025-yilning aprelida O‘zbekiston va AQSh muhim minerallar bo‘yicha yangi bitimlar tuzgandi. Unda foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olish, rudalarni maydalash komplekslarini qurish hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirish rejalashtirilgan edi.
Noyabr oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 formatidagi sammitda Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasida muhim minerallar bo‘yicha qo‘mita tuzishni taklif qilgandi.
Avvalroq O‘zbekiston AQSHda uchta konsullik ochishi va yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.



