Hult Prize xalqaro ijtimoiy loyihalar tanlovi o‘zbekistonlik talabalardan ham ariza qabul qilishni boshladi. Bu haqda tanlov tashkilotchilari e’lon qildi.

Hult Prize — butun dunyo miqyosidagi ijtimoiy tadbirkorlik bo‘yicha talabalar tanlovi hisoblanadi. Ishtirokchilar global ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etish uchun innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqadilar, shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq barqaror startaplarni yaratishadi.

BMT bilan hamkorlikda tashkil etiladigan tanlov talabalarga ijtimoiy yo‘naltirilgan startap yaratish va global muammolarni hal qilishda ishtirok etish imkonini beradi. Har yili unda dunyoning 130 mamlakatidan 200 ming talaba qatnashadi.

Tanlov butun o‘quv yili davomida o‘tkaziladi va ta’lim darajasi hamda shaklidan qat’i nazar, O‘zbekistonning barcha oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun ochiq.

Birinchi bosqichda jamoalarni ro‘yxatga olish, dastlabki saralash va g‘oyalarni baholash amalga oshiriladi. Eng yaxshi loyihalar tanlovning milliy bosqichiga tanlab olinadi va onlayn inkubatorda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Inkubator doirasida jamoalar mentorlar yordamida o‘z loyihalari va biznes modellarini takomillashtiradi, shuningdek, keyingi rivojlanishga tayyorgarlik ko‘radi.

Eng istiqbolli loyihalar yechimlarni kengaytirish va global darajaga chiqishga qaratilgan xalqaro akseleratsiya dasturida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

So‘nggi bosqich final bo‘lib, unda jamoalar o‘z loyihalarini xalqaro hakamlar hay’atiga taqdim etadi. Tanlov g‘olibi o‘z loyihasini rivojlantirish uchun $1 mln miqdorida grant oladi.

Tanlov shartlari bilan hultprize.org saytida batafsil tanishish va ro‘yxatdan o‘tish mumkin.


Avvalroq Spot Techstars Founder Catalyst dasturida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi.

Unda $400 mingdan kam bo‘lmagan investitsiyali loyihalar ishtirok etishi mumkin bo‘lib, arizalarni 13-fevraldan kechiktirmay yuborish kerak.