Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlashda korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi va raqobatni taʼminlovchi standartlarni majburiy tarzda joriy etish tartibini belgilaydi.
Ushbu nizom davlat ishtirokida amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalariga tatbiq etiladi.
Jumladan, davlat budjeti yoki davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar shu toifaga kiradi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan hamda davlat kafolati, imtiyozlari yoki boshqa qo‘llab-quvvatlash shakllari nazarda tutilgan xorijiy investitsiya loyihalari ham nizom doirasiga kiritiladi.
Nizomga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari o‘z vakolati doirasidagi loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekspertiza qiladi va baholaydi.
Ekspertizadan o‘tkazish loyihani tasdiqlash jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.
Ekspertiza va baholash xulosalari asosida loyiha tashabbuskori vakolatli organlar bilan hamkorlikda korrupsiya va raqobat muhitiga qarshi xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.
Avvalroq Farg‘onada $8,2 mlrdlik yangi investitsiya loyihalari paketi shakllantirilgani haqida xabar berilgandi.
