Avvalroq Senatning navbatdagi majlisida O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun maʼqullangani haqida xabar berilgandi.
Unda so‘zga chiqqan senator Erkin Gadoyev mikromoliya tashkilotlari uchun islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha huquqiy asos yaratilganiga qaramay, sohadagi rivojlanish talab darajasida emasligini qayd etdi.
Buning asosiy sababi soliq munosabatlarining tartibga solinmaganligi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, sohada kreditlash ulushi tashkilotlar kredit portfelining atigi 0,8 mlrd so‘mini yoki 0,04% ini tashkil etadi.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan Fuqarolik va Soliq kodekslari, “Markaziy bank to‘g‘risida"gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi va boshqa qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Markaziy bank vakolatlari
Xususan, “Markaziy bank to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan Markaziy bankka kredit tashkilotlari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlash vakolati berilmoqda.
Shu bilan birga, regulyator islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani taqdim etish, uning amal qilish muddatini to‘xtatib turish yoki litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi.
Mazkur litsenziyani olgan banklar to‘liq islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatishi yoki bir vaqtning o‘zida ham anʼanaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazoratni amalga oshirish maqsadida Islomiy moliya kengashini tashkil qilish hamda uning faoliyatini tartibga soluvchi normalarni ishlab chiqish vakolati beriladi.
Kengash Markaziy bankning besh nafar xodimlaridan iborat bo‘ladi hamda islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi kollegial organ hisoblanadi. Uning vakolatlari va faoliyat reglamenti, huquqiy maqomi, kengash a’zolariga qo‘yiladigan talablar Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, kengash islomiy moliya standartlarini ishlab chiqadi, islomiy moliya faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash jarayonida Markaziy bankka ko‘maklashadi, yuzaga keladigan bahs-munozaralar bo‘yicha belgilangan tartibda xulosalar berib, tushuntirish va izohlar taqdim etadi.
Islomiy moliya xizmatlari
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, banklar o‘zining asosiy faoliyati bilan bir qatorda, tegishli litsenziya asosida islomiy bank faoliyatini ham amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Bunda kredit tashkilotlari islomiy bank faoliyati doirasida hisobvaraqlar ochish, to‘lovlarni amalga oshirish, depozitlarni qabul qilish kabi bank faoliyatining asosiy funksiyalarini bajarishi mumkin bo‘ladi.
Qonunda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida banklar ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xizmatlar turlari aniq belgilab berilmoqda. Jumladan:
- foydani taqsimlash shartlari asosida mijozlarni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish;
- vakillik shartnomalari orqali mablag‘larni joylashtirish va investitsiyaviy omonatlarga yo‘naltirish;
- tovarlarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish;
- tovarlar uchun oldindan haq to‘lash asosida mijozni moliyalashtirish;
- sherikchilik asosida birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish;
- mol-mulkni kelgusida sotib olish huquqi bilan islomiy ijaraga berish.
Shuningdek, banklarga savdo faoliyati bilan shug‘ullanishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish yoki yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulush yoki aksiyalarni sotib olishga oid amaldagi cheklovlar islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Amalda ayrim istisnolardan tashqari banklarga yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ustav kapitalida ishtirok etish taqiqlangan.
Qonun bilan bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishda qo‘shimcha umumiy talablar ham joriy etilmoqda.
Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bank binolarida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq qulay sharoitlar yaratilishi, jumladan, alohida kirish yo‘laklari, panduslar va liftlar bilan ta’minlangan, shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi bo‘lishi talab etiladi.
Bundan tashqari, islomiy moliya standartlariga muvofiqlikni ta’minlash maqsadida, islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi kredit tashkilotlarida har yili kamida bir marta islomiy moliya bo‘yicha majburiy tashqi audit o‘tkazilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Soliqqa tortish
Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Xususan, soliq solish maqsadida banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya faoliyati doirasida mijozlarga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, islomiy moliya faoliyatidan, jumladan tovarlarni sotishdan olinadigan daromadlar foizli daromadlarga, islomiy moliya standartlariga muvofiq tuzilgan islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara shartnomalariga tenglashtiriladi.
Bundan tashqari, banklarga aholi omonatlarini kafolatlash mexanizmlari islomiy moliya faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga ham tatbiq etiladi.
“Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya uchun davlat boji miqdori bank ustav kapitalining eng kam miqdorining 0,1%i etib belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
“Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunga ham o‘zgartirishlar kiritilib, ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan kredit tashkilotlarining islomiy moliya faoliyati doirasida amalga oshiradigan xaridlariga nisbatan davlat xaridlariga belgilangan talablari tatbiq etilmasligi belgilanmoqda.
Avvalroq senat PayPal, Apple Pay va Google Pay uchun shaxsiy maʼlumotlarga oid qonunga o‘zgartirishlarni maʼqullagandi.
