O‘zbekiston Pokiston va Quvayt ishtirokida islomiy qimmatli qog‘ozlarni chiqarishi rejalashtirmoqda. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.

Agentlikda Pokistonning Meezan Bank islom banki va Quvaytning Noor Financial Investment Company investitsiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muhokamalarda “Kapital bozori to‘g‘risida"gi yangi qonun loyihasi doirasida islomiy qimmatli qog‘ozlarni (sukuk) chiqarish va joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirish va sheriklik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi.

Xususan islomiy qimmatli qog‘ozlarni chiqarish sohasida ekspert tajribasi almashishga kelishildi.

O‘tgan yilning dekabrida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kapital bozorida nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilgandi.

Unda milliy qonunchilikni Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish, shuningdek, professional ishtirokchilarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdimot qilingan edi.

O‘sha oyda davlat rahbarining kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha farmoni qabul qilingandi. Unda 2030-yilgacha fond bozoriga $1 mlrd, shu jumladan, 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi hisobiga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilishi belgilangan edi.

Meezan Bank islomiy banki faoliyati shariat moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan. Ular chakana va korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatish, kreditlash, depozitlar va shariat qoidalariga muvofiq boshqa moliyaviy mahsulotlar hamda xizmatlarni o‘z ichiga olgan to‘liq bank xizmatlari majmuasini taklif etadi.

Noor Financial Investment Company investitsiya kompaniyasi moliyaviy xizmatlar, investitsiyalar va aktivlarni boshqarish sohalarida Quvayt, Yaqin Sharq mamlakatlari, Osiyo va boshqa bozorlarda ish olib boradi.


Avvalroq qimmatli qog‘ozlar bozorida litsenziyasiz bitimlar taqiqlanishi haqida xabar berilgandi.