Senatning 13-yalpi majlisida “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida"gi qonun maʼqullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar o‘zlari yaratgan dasturiy mahsulot va raqamli kontentni xorijiy mijozlarga sotishda xalqaro elektron platformalardan keng foydalanayotgani qayd etildi.
Taʼkidlanishicha, ayrim yirik platformalar yordamida to‘lovlar bank kartalari yoki bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham, Upwork, Fiverr, Envato, Storyblocks kabi platformalarda to‘lovlar faqat PayPal orqali amalga oshirilishi mumkin.
Hozirda PayPal to‘lov tizimi O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalari orqali to‘liq ishlamaydi. Bu cheklov “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida"gi qonunda belgilangan maʼlumotlarni faqat O‘zbekiston hududida saqlash talabi bilan bog‘liq.
Buning natijasida xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishi muayyan darajada cheklanib qolayotgani bildirildi.
Qonun loyihasi bilan xalqaro onlayn to‘lov tizimlarining mamlakatda faoliyat yuritishi yengillashtirilmoqda. Fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivoji jadallashtirilib, frilanserlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov mexanizmlari yaratiladi. Chet ellik turistlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlari kengaytiriladi.
Qonunda faqat ayrim turdagi shaxsga doir maʼlumotlar (biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq maʼlumotlar) O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilanmoqda.
Boshqa maʼlumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etilib, hukumatga shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligi taʼminlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonun aholi va tadbirkorlik subyektlariga xalqaro Internet platformalaridan foydalanishda yana-da qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
20-yanvar kuni deputatlar ushbu qonun loyihasini tasdiqlagandi. Xorijiy xizmatlar o‘zbekistonliklarning ayrim turdagi ma‘lumotlarini chet elda qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq internetda haqorat qilganlik uchun jarima va jazo belgilanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
