3-fevral kuni O‘zbekiston fuqarolarining maʼlumotlari bir nechta resurslar, jumladan, darknetdagi saytlarda tarqalgani va ularga oid havolalar haqidagi xabarlar e‘lon qilindi.

Adolat partiyasi deputati Muhammadjon Valiyev ushbu holat bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vaziri, Ichki ishlar vaziri hamda Milliy statistika qo‘mitasi raisiga so‘rov yubordi.

Taʼkidlanishicha, bunda hozirgi vaziyatning jiddiyligi, fuqarolarning huquqiy, moliyaviy xavfsizligiga tahdid solayotgani inobatga olingan. Deputat o‘z so‘rovida har bir idoraning vakolat doirasidan kelib chiqib qator savollar bergan.

Jumladan, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovdan holat tasdiqlangan yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish so‘raldi. Shaxsiy maʼlumotlar himoyasi darajasi va vaziyat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar bo‘yicha izoh berish talab etildi.

Hukumatning autentifikatsiya infratuzilmasi (OAuth serveri) va Yagona portalda bunday holatlar takrorlanmasligi uchun ko‘rilayotgan texnik hamda tashkiliy choralar haqida maʼlumot so‘raldi.

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovdan vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda qanday tezkor-qidiruv ishlari olib borilayotgani haqida maʼlumot so‘raldi.

Kiberhujumni sodir etgan shaxslarni aniqlash hamda shaxsiy maʼlumotlarni tarqatish bilan bog‘liq jinoyatlar profilaktikasini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan savol berildi.

Ushbu yo‘nalishda qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan takliflar haqida maʼlumot so‘raldi.

Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayevdan Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan maʼlumotlarni saqlash va himoya qilish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ishlab chiqilgani yuzasidan izoh so‘raldi.

Mazkur jarayonda “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida"gi qonun talablariga qay darajada rioya etilayotgani haqida savol qo‘yildi.

Partiya matbuot xizmati deputat ushbu masalada masʼullardan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘raganini qo‘shimcha qildi.

O‘zi nima gap?

Darknetda 15 mln fuqaroga tegishli shaxsiy maʼlumotlar tarqalgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Holat bo‘yicha Kiberxavfsizlik markazi o‘rganishlar olib borilayotganini bildirgandi. Milliy statistika qo‘mitasi esa ushbu xabarlar fonida, aholini ro‘yxatga olishda to‘plangan barcha maʼlumotlar alohida serverda shifrlangan holda xavfsiz saqlanayotganini ma‘lum qilgan.

Global Move kompaniyasi rahbari, IT mutaxassis Nuruddin Iminohunov agar haqiqatdan xakerlar tizimni buzib, ma’lumotlarni tarqatgan bo‘lsa, kiberxavfsizlik markazi jarimaga tortilib, tizimni ishlab chiqqan kompaniyalar javobgarligi belgilanishi kerakligini ta’kidladi.

Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov esa tarqalgan ma’lumotlar 2023-yilga tegishli bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Spot internetga fuqarolarning qanday ma’lumotlari sizib chiqqani haqida yozgandi. IIV va Soliq qo‘mitasi tizimlar xavfsizligi ta’minlanganini bildirgandi, IHMA esa eski bazaga kiberhujum bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlari tizimlariga kiberhujum bo‘lmaganini bildirdi. IIV fuqarolarga bank kartalari va ularning kodlarini almashtirishni tavsiya qildi.


Spot, avvalroq, darknet nima va nega u yerda ma’lumotlar sotilishi haqida yozgandi.