Tojikistonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushdi. Bu haqda kuni kompaniyaning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
“Yuqori tezlikdagi Starlink interneti endi Tojikistonda ham mavjud”, deyiladi xabarda.
Kompaniya asoschisi Ilon Mask ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgan.
Sun’iy yo‘ldosh interneti Mini antennasining narxi yetkazib berish xarajatlarisiz 2200 somoni (joriy kurs bo‘yicha $235), Standard antennasi esa 2700 somoni ($288) turadi.
Uy foydalanuvchilari (Residential) uchun oylik abonent to‘lovi cheksiz trafik bilan 1100 somoni ($117) ni tashkil etadi. Ma’lumotlarni qabul qilish tezligi 135 Mbit/s dan 305 Mbit/s gacha, yuborish tezligi esa 20 Mbit/s dan 40 Mbit/s gacha bo‘ladi.
Biznes foydalanuvchilari Mahalliy ustuvorlik tariflar qatoridan turli trafik hajmiga ega tarifni tanlashlari mumkin:
- 50 GB — 385 so‘m ($41);
- 50 GB — 985 so‘m ($105);
- 1 terabayt — 1735 so‘m ($185);
- 2 terabayt — 3235 so‘m ($345).
2025-yil oktabr oyida Tojikiston hukumati huzuridagi Aloqa xizmati Starlink bilan litsenziya shartnomasini imzoladi. Vazirlik ma’lum qilishicha, u respublikaning borish qiyin bo‘lgan tog‘li va chegara hududlarida sun’iy yo‘ldosh internet aloqasini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
2025-yilning 13-avgustidan SpaceX kompaniyasi Qozog‘iston hududida sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini rasman ishga tushirdi.
Mazkur sanadan boshlab qozog‘istonliklar Ilon Mask kompaniyasi tomonidan joylashtirilgan past orbitali Starlink sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi ulanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
SpaceX va Qozog‘iston Raqamli texnologiyalar vazirligi iyun oyida shartnoma imzolagan edi. Amerika kosmik kompaniyasi Qozog‘iston qonunchiligiga, jumladan, axborot xavfsizligi va aloqa sohasidagi qonunchilikka rioya qilish majburiyatini oldi.
Starlink saytida Qozog‘iston, sun’iy yo‘ldosh interneti allaqachon mavjud bo‘lgan mamlakatlar qatorida ko‘rsatilgan. Shuningdek, xizmat Gruziya, Armaniston va Ozarbayjonda ham ishlaydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Starlink — bu Yerdan taxminan 550 kilometr balandlikdagi past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i orqali ishlaydigan global internet tizimi. Bu tizim yuqori tezlik va past kechikish bilan ishlaydi, shu tufayli foydalanuvchilarga hatto shaharlardan uzoqda ham videoaloqa, striming va boshqa onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Avvalroq Spot O‘zbekkosmos SpaceX bilan sun’iy yo‘ldosh uchirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.
Agentlik Janubiy Koreya Aerokosmik administratsiyasi bilan kosmik texnologiyalar sohasi, Fransiyaning Novaspace kompaniyasi bilan esa 2035-yilgacha mo‘ljallangan kosmik strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv tuzdi.

