Namangan shahrida fuqarolarni xorijga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar berdi DXX.

Konsalting firma rahbari mahalliy fuqaroni tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga yuborishni vaʼda qilgan. Buning evaziga $10 ming talab qilib, oldindan $1,5 ming olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir konsalting firma ish yurituvchisi esa o‘zining tanishlari orqali To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni Latviyaga ishga yuborishni vaʼda qiladi.

U mazkur ishi uchun $2 ming olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hukumatning 2025-yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan.

Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi xorijga ish va o‘qishga ketayotgan fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgandi. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar ishonchiga kirib, xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, faqat pul olgan vs xizmat ko‘rsatmagan konsalting firmalarni keltirdi.

Dekabr oyida xorijga ishga yuborishni noqonuniy reklama qilgan uchta konsalting kompaniyasi jarimaga tortilgan edi. Crystalvisa Consulting, Humo Group Central va Compony B2B korxonalari litsenziyasiz ishga joylashtirish xizmatlarini reklama qilgan.


Spot, avvalroq, O‘zbekiston Janubiy Koreyaga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilarini yuborishi mumkinligi haqida yozgandi.