O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket olti oy davomida tarixiy maksimumni yangilamoqda. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.

1-fevral holatiga ko‘ra, regulyator ixtiyoridagi xalqaro aktivlarning umumiy qiymati $75,08 mlrdga yetdi. Oxirgi oyda mamlakat zaxiralari $8,76 mlrdga (+13,2%) oshdi, 2025-yil boshidan esa 82% dan ko‘proqqa ko‘paydi.

Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati ketma-ket yettinchi oy rekordni yangilab, $64,98 mlrdni tashkil etdi. O‘tgan oyga nisbatan bu ko‘rsatkich $9,88 mlrdga (+17,9%) oshdi.

Oltinning fizik hajmi ham 12,8 mln troy unsiyagacha (398,1 tonna) o‘sishni ko‘rsatdi. Yanvar oyida regulyator zaxiralarni taxminan 0,2 mln unsiyaga (6,2 tonna) to‘ldirdi.

Yanvar oxirida jahon bozorlarida oltin narxi bir troya unsiyasi uchun $5500 dan oshdi. Bir kun ichida qimmatbaho metall 9,3% ga, yillik hisobda esa 80% dan ko‘proqqa qimmatlashdi. Ertasi kuni oltin sezilarli arzonlashdi, biroq keyinchalik kotirovkalar yana bir unsiya uchun $5000 darajasiga qaytdi.

O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,21 mlrdga (-10,5%) qisqarib, $9,52 mlrdni tashkil etdi. Bunda xorijiy markaziy banklar va XVJdagi valyuta zaxiralari miqdori $1,1 mlrd, xorijiy banklarda esa $7,98 mlrd bo‘lgan.

Markaziy bank tomonidan sotib olingan xorijiy qimmatli qog‘ozlarning qiymati biroz — $1,536 mlrdgacha oshdi. Biroq oltin narxining keskin oshishi sababli ularning umumiy rasmiy zaxiralardagi ulushi 2,05% gacha kamaydi.

Avvalroq Spot bitkoin kursi $70 mingdan pastga tushgani haqida yozgandi.