Google Project Astra — sun’iy intellekt modellari foydalanuvchi nomidan harakatlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan tashabbusni rivojlantirishda davom etmoqda.

Yaqin kelajakda texnologiya tajribalar chegarasidan chiqib, mobil qurilmalarni boshqarishni boshlashi mumkin, deb xabar bermoqda Android Authority.

Google 17.4.66 ilovasining beta-versiyasida jurnalistlar bonobo kod nomi ostidagi funksiyaga havolalarni topdilar.

Taxminlarga ko‘ra, ommaviy versiyada u Screen Automation (“Ekranni avtomatlashtirish”) deb nomlanadi. Vosita sun’iy intellekt yordamchisiga internet-do‘konlarda buyurtma berish, taksi chaqirish va boshqa amallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri smartfon interfeysida bajarish imkonini beradi.

Hozircha tegishli havola faqat Gemini yordam sahifasiga olib boradi, bu dastlabki rivojlanish bosqichini bildiradi.

Birinchi ishga tushirishda foydalanuvchiga SI-agentining harakatlarini nazorat qilish zarurligi haqida ogohlantirish ko‘rsatiladi.

Google’ning ta’kidlashicha, assistent xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin, uning ish natijalari uchun javobgarlik esa qurilma egasi zimmasida qoladi.

Kompaniya maxfiylik masalalariga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Keep Activity funksiyasi yoqilgan holda, ayrim ekran tasvirlari maxsus tayyorlangan moderatorlar tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.

Shu sababli, foydalanuvchilarga sun’iy intellekt agenti ishlayotgan paytda to‘lov ma’lumotlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni kiritmaslik tavsiya etiladi.

Gemini bunday ma’lumotlar kiritilganda o‘z faoliyatini avtomatik ravishda to‘xtata olishi yoki olmasligi haqida aniq ma’lumot berilmagan.


Avvalroq Google Android foydalanuvchilariga $135 mln tovon puli to‘lashi haqida xabar berilgandi.

Bunga ularning kompaniyaga qarshi shaxsiy ma’lumotlarni “maxfiy ravishda yig‘ish” da’vosi sabab bo‘lgan.