Avvalroq yanvar oyida oylik inflyatsiya 0,7%gacha pasaygani haqida xabar berilgandi.

Oziq-ovqat mahsulotlari bir oyda 0,8%ga, 2025-yilning yanvariga nisbatan esa 5,5%ga qimmatlashdi. Sanoat tovarlari narxlari yil boshiga nisbatan 0,4%ga va yillik ko‘lamda 5,2%ga ko‘tarildi, pullik xizmatlar esa mos ravishda 0,8%ga va 13,5%ga oshdi.

Oziq-ovqat

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan bir oy ichida qo‘y go‘shti eng ko‘p — 1,6%ga qimmatlashdi. Parranda go‘shti narxi 1,4−1,5%ga, mol go‘shti narxi esa suyakli 1%dan suyaksiz 1,1%gacha ko‘tarildi. Shakar va sut 1%ga, tuxum 0,6%ga, o‘simlik yog‘i 0,4%ga qimmatlashdi.

O‘zbekiston bo‘yicha bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi mahalliy va import qilinadigan go‘sht uchun 500−1000 so‘m oralig‘ida oshdi.

Meva-sabzavot mahsulotlari orasida bulg‘or qalampiri narxi sezilarli darajada — 18,5%ga ko‘tarildi. Shuningdek, yanvar oyida banan (6,3%ga), limon (4,9%ga), karam (3,8%ga), kartoshka (1,9%ga), sabzi (1,8%ga) va piyoz (1,2%ga) qimmatlashdi.

Shu bilan birga, yilning birinchi oyida mandarinlar dekabr oyiga nisbatan 2,4%ga, apelsinlar 2,3%ga, pomidorlar esa 2,1%ga arzonlashdi. Bundan tashqari, bir kilogramm guruch narxi 1,1%ga pasaydi.

So‘nggi bir yil ichida limon narxi 90%dan ko‘proqqa oshdi. Go‘sht ham sezilarli darajada qimmatlashdi: qo‘y go‘shti — 27%ga, suyaksiz mol go‘shti — 25%ga, suyakli mol go‘shti — 23,8%ga. O‘simlik yog‘i narxi 12,8%ga, karam deyarli 28%ga, mandarin 19%ga ko‘tarildi.

Shu bilan birga, guruch 16,7%ga, kartoshka deyarli 16%ga, bulg‘or qalampiri 11%ga, banan 4%ga arzonlashdi. Tuxum narxi yil davomida atigi 0,3%ga oshdi.

Xizmatlar

Yanvar oyida bir qator hududlarda sanitar tozalash, issiq suv ta‘minoti va isitish xizmatlari uchun yangi tariflar joriy etildi. Chiqindi tashish uchun to‘lov mamlakat bo‘yicha o‘rtacha 0,2%ga, isitish uchun 0,3%ga, issiq suv 0,9%ga qimmatlashdi.

Mobil aloqa bir oyda o‘rtacha 2,4%ga, yillik o‘sish esa qariyb 18%ga yetdi. Shu bilan birga, striming xizmatlari uchun to‘lovlar 0,2%ga, messenjerlar va sun‘iy intellekt xizmatlariga obuna bo‘lish 0,8%ga kamaydi.

Asosiy inflyatsiyani oshiruvchi omillardan biri avtotransportni sug‘urtalash (OSAGO) xarajatlarining 281,8%ga oshishi bo‘ldi. Bu umumiy inflyatsiyani 0,11%ga ko‘tardi.

Nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish uchun to‘lovlar oshishi fonida avtomaktablarda o‘qish narxi o‘rtacha 5%ga ko‘tarildi. Uzoq masofali poyezdlarga chiptalar 0,5%ga, samolyotlarga 5%ga arzonlashdi, yillik o‘sish esa mos ravishda 8,6% va 17%ni tashkil etdi.

Tibbiy xizmatlar ham qimmatlashdi: diagnostik vizualizatsiya — 1,5%ga, ambulator davolanish — 1%ga, statsionar davolanish, stomatologiya va laboratoriya xizmatlari — 0,7%ga. Yil davomida diagnostika sohasida narxlar 9,4%ga, laboratoriyalarda — 9%ga, ambulatoriya sharoitida davolanish narxi esa 8,8%ga oshdi.

Sanoat mahsulotlari

AI-92 benzini yanvar oyida 0,6%ga qimmatlashdi, yuqori oktanli yoqilg‘i esa kamroq ko‘tarildi (AI-95 uchun 0,4% va AI-98 hamda AI-100 uchun 0,3%). Metan narxlari yillik 30,2 foiz o‘sish bilan 0,1%ga oshdi.

Propan bir oyda 8,9%ga qimmatlashib, yillik o‘sishning asosiy qismini — 12,3%ni ta‘minladi. Narxlar o‘sishini jilovlash maqsadida Raqobat qo‘mitasi mahsulotning bir tonnasi uchun 8,25 mln so‘mlik narx chegarasini belgiladi.

Boshqa tovarlar orasida qimmatbaho metallardan yasalgan uzuklar eng ko‘p qimmatlashdi — yanvar oyida 7% va yillik hisobda 32,6%. Shu bilan birga, mahsulotlarning ayrim toifalari uchun narxlar pasaydi — masalan, ayollar gigiyena vositalari 0,6%ga arzonlashdi.

Avvalroq Spot yanvar oyida O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi.