Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi Diyor Xusanov Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, ayrim banklar tomonidan kredit to‘lovlari kechiktirilgan vaqtda qo‘llanilayotgan yuqori penya, oshirilgan foiz stavkalari va qo‘shimcha jarimalar mutanosiblik tamoyillariga zid.
Partiyaga ko‘ra, bunday amaliyotlar, ayniqsa, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy barqarorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatayapti.
So‘rovda tadbirkorlar va aholi o‘rtasida kelib tushayotgan murojaatlar, shuningdek, bank amaliyotida kuzatilayotgan muammoli jihatlar alohida qayd etilgan.
Deputat kechiktirilgan to‘lovlar uchun qo‘llanilayotgan sanksiyalarning moliyaviy yuklamasini kamaytirish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan qanday choralar ko‘rilayotganini so‘radi.
Shuningdek, regulyayor kechiktirilgan kredit to‘lovlari bo‘yicha penyalarni adolatli qo‘llash uchun qonunchilikka qanday o‘zgartishlar kiritishni rejalashtirayotgani so‘raldi.
Markaziy bank raisi ushbu so‘rov bo‘yicha 10 kun ichida javob berishi lozim.
Yanvar oyida Markaziy bank kechiktirilgan kredit to‘lovlari uchun penyalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgandi. Banklar kreditlar bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar uchun belgilayotgan jarima, penya va oshirilgan foiz stavkalari qarz oluvchilarga haddan tashqari moliyaviy yuklama yaratayotgani qayd etilgan edi.
Avvalroq 2025-yilda so‘mdagi depozitlar va kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalari o‘sgani haqida xabar berilgandi.
