Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston — Pokiston biznes forumi doirasida HRL Group, Gohar Textile va Go Group kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
HRL Group kompaniyasi raisi Zohid Rafiq bilan uchrashuvda Pokistondagi mis, oltin va o‘ta muhim minerallar konlarida birga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish muhokama qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi kompaniya rahbarining Pokiston poytaxtida Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandda mehmonxona qurish tashabbuslarini olqishladi.
Gohar Textile kompaniyasi asoschisi Gouhar Mustafo bilan muloqotda O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Mahalliy korxonalarni xalqaro yetkazib berish zanjirlariga integratsiya qilish istiqbollariga eʼtibor qaratildi.


Go Group kompaniyasi bosh ijrochi direktori Dur Muhammad Ayub bilan muzokaralarda kompaniyaning O‘zbekiston hududlarida agroklaster barpo etish bo‘yicha rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Agroklaster chorvachilik mahsulotlarini to‘liq qayta ishlash zanjiriga ega bo‘ladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Pokiston ishbilarmonlari bilan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilagandi.


