Tumar Innovation Hub Incorpium platformasi bilan hamkorlikda startaplar va texnologik kompaniyalarni BAA bozoriga olib chiqish mavzusida onlayn vebinar tashkil etmoqda.
Tadbir startap asoschilari, fondlar va korporatsiyalar vakillari, shuningdek, akseleratorlar va inkubatorlar uchun mo‘ljallangan.
Tinglovchilar Incorpium mutaxassislari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishlari va o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishlari mumkin.
Vebinarda BAA startap ekotizimidan real keyslar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, ishtirokchilarga kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish, banklar bilan ishlash, biznes tuzilmasini shakllantirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amaliy maslahatlar beriladi.
Bundan tashqari, mavzular ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:
- startaplarning BAA bozoriga chiqish strategiyalari;
- asoschilarning keng tarqalgan xatolari;
- biznes-rejalashtirish jarayonlari;
- biznesni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishda vaqt hamda resurslarni tejash masalalari.
Vebinar 12-fevral kuni soat 00:00 da bo‘lib o‘tadi. Ishtirok etish uchun Startup Base platformasida ro‘yxatdan o‘tish zarur.
Tashkilotchi haqida
Tumar Innovation Hub — Markaziy Osiyodan bo‘lgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ularni global bozorlarga, ayniqsa Yaqin Sharq (masalan, BAA)ga olib chiqishga yordam berish maqsadida tashkil etilgan xalqaro platforma va innovatsion xabdir. U mintaqa startaplari bilan investorlar, korporatsiyalar, mentorlik tarmoqlari va xorijdagi bozorlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi.
Xab Markaziy Osiyodagi texnologik jamoalarga xalqaro bozorlarga chiqish, mintaqadan tashqarida hamkorlar, investorlar va mijozlar topishda, ayniqsa MENA (Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika) mamlakatlarida faoliyatni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi.
Tumar Innovation Hub 2025-yilda Astana Hub (Qozog‘iston), IT Park Uzbekistan ishtirokida va DIFC Innovation Hub ko‘magida ishga tushirilgan. Uni boshqaruvchi tashkilot — White Hill Capital Group.
Avvalroq Spot Hult Prize startaplar tanlovida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi.
Unda o‘zbekistonlik talabalar ham ishtirok etishlari mumkin. Tanlovning final bosqichi g‘olibi o‘z loyihasini rivojlantirish uchun $1 mlnlik grantga ega bo‘ladi.
