Prezidentning ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarni obodonlashtirish yo‘nalishida markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini saralash va amalga oshirishda belgilangan tartib o‘rnatiladi.
Bunda, loyiha takliflari Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarida muhokama qilinishi va faqatgina ularning qarori bilan ma’qullangandan keyin amalga oshirilishi shart.
Shakllantirilgan loyiha takliflari bo‘yicha loyihaoldi tadqiqotlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari, loyiha tashkilotlari bilan birgalikda har bir hududning xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘tkaziladi.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning tutash hududidagi barcha daraxt va butalar boshqaruvchilar tomonidan xatlovdan o‘tkaziladi.
Bunda ma’lumotlar “Mening uyim” axborot billing tizimida aks ettirib boriladi.
Ko‘p kvartirali uylardagi markazlashgan ichimlik suvi iste’molchilariga daraxt va butalarni sug‘orish ishlarini hisoblagichlar o‘rnatgan holda sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab, Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarda umumiy yig‘ilish o‘tkazishni tashabbus qilish, o‘tkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish bo‘yicha boshqaruvchilar tomonidan murojaatlar qabul qilinadi.
Ularni ko‘rib chiqish faqat “Mening uyim” ABTda amalga oshiriladi, 2027-yildan boshlab mazkur tartib mamlakatning barcha hududlariga tatbiq etiladi.
Majburiy to‘lovlar va ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni ijaraga va foydalanishga berishdan tushadigan to‘lovlar hisobi faqat mazkur tizim orqali yuritiladi.
Avvalroq 2026-yildan boshlab 2 qavatdan yuqori barcha “dom"lar majburiy instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.
Ijobiy xulosa olmagan obyektlardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Qurilish vaqtida binolarga qo‘shimcha qavat qo‘shish va balandligini oshirish taqiqlanadi.
