O‘zbekistonda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi. Bu haqda 6-fervalda prezident farmoni e’lon qilindi.

Prezident sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari sohasida yagona va muvofiqlashtirilgan davlat siyosatini yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu yo‘nalishda yagona boshqaruvni joriy etish orqali yangi agentlik va uning boshqaruv kengashini tuzish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifa, funksiya va vakolatlari Agentlikka o‘tkaziladi.

Prezident farmoni bilan Baxtiyor Xaydarov Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Tarmoqlar ehtiyoji va xorijiy tajribani tahlil qilish asosida o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash amaliyotini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bunda dasturlar quyidagilar kesimida shakllantiriladi:

  • drayver sohalar: farmatsevtika, elektrotexnika, elektronika va robototexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, gaz va neft-kimyo, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati;
  • yuqori investitsiya salohiyatiga ega bo‘lgan bazaviy tarmoqlar: energetika, tog‘-kon sanoati va kimyo;
    mintaqalar;
  • kengash qarori bilan belgilanadigan boshqa sohalar.

Dasturlar tarmoqlar va hududlar kesimida shakllantiriladi, agentlik bilan kelishiladi va kengash tomonidan tasdiqlanadi.

Agentlik dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtiradi, tarmoqlar va hududlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi.

Agentlikka soha va tarmoqlar uchun mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda 2026-yil 1-iyuldan boshlab dasturlar ishlab chiqilishi va kengashga kiritilishini tashkil etish topshirildi.


Avvalroq 2026-yildan davlat xaridlari bo‘yicha takliflar faqat elektron baholanishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, ayrim savdolarda faqat bitta tadbirkor ishtirok etsa, ayrim holatlarda ular o‘tkazilgan deb hisoblanadi.