OneID yagona identifikatsiya tizimida shaxsiy ma’lumotlarni uzatishni cheklash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu haqda raqamli hukumat markazining Telegram-kanalida xabar berildi.
Ma’lumotlar himoyasini ta’minlash maqsadida “qo‘shimcha choralar” ko‘rildi, shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarni (JSHSHIR, ID-karta yoki pasport raqami, STIR, haydovchilik guvohnomasi raqami, pasport, avtomobil seriyasi va raqami, kadastr raqami) boshqa tizimlarga faqat foydalanuvchining roziligi bilan taqdim etish yoki uzatishni cheklash imkoniyati joriy qilindi.
Ushbu funksiyadan foydalanish uchun kompyuterdan id.egov.uz saytiga kirib, ro‘yxatdan o‘tish va tizimga kirish kerak.
“Shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish” bo‘limida xizmatni elektron raqamli imzo yoki Mobile-ID yordamida faollashtirish mumkin.
Jismoniy shaxslarni Mobil-ID orqali ro‘yxatdan o‘tkazish YIDXPda mavjud, biroq xizmat faqat MyGov mobil ilovasida taqdim etiladi.
Xizmat faollashtirilgandan so‘ng, foydalanuvchi kerakli tashkilot ro‘parasidagi qulf belgisini ochishi yoki yopishi mumkin. Ular orasida banklar, moliya, sug‘urta, telekommunikatsiya va boshqa tashkilotlar bor.
Ta’kidlashicha, QR-kod orqali OneID tizimiga kirish tanlansa, “Shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish” bo‘limi avtomatik ravishda faollashadi.
Buning uchun Google Play yoki App Store'dan mobil ilovani yuklab olish, Mobile-ID yoki MyID orqali avtorizatsiyadan o‘tish, ilovaning pastki qismidagi skanerlash tugmasini bosish va kompyuter ekranidagi QR-kodni skanerlash kerak.
“Ma'lumotlarga kirishni cheklash — bu ortiqcha ovoragarchilik emas, balki kiberjinoyatchilikdan himoyalanishning eng samarali usulidir. O‘z xavfsizligingizga mas’uliyat bilan yondashing”, — deyiladi xabarda.
Kuni kecha foydalanuvchilar bank ilovalarida ba’zi funksiyalar ishlamasligiga duch kelishdi. Bu o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari davlat organlarining axborot tizimlaridan darknetga chiqib ketishi mumkinligi haqidagi xabarlardan keyin sodir bo‘ldi. IIV Kiberxavfsizlik markazi vaziyatni o‘rganib, qo‘shimcha ma’lumot berishga va’da berdi.
Telegram’dagi Kurbanoff.net kanali muallifi Shuhratbek Qurbonov tushuntirishicha, hukumat barcha tashkilotlarga shaxsiy ma’lumotlarni uzatishni standart tartibda cheklab qo‘ygan.
“Buning natijasida kreditlar va mikroqarzlar olish imkoniyatingiz bo‘lmaydi, shuningdek, shaxsni aniqlashga asoslangan boshqa xizmatlardan ham foydalana olmaysiz”, — deb yozadi u.
Avvalroq Spot Adolat partiyasi fuqarolar maʼlumotlari tarqalishi bo‘yicha uchta tashkilotga so‘rov yuborgani haqida yozgandi.
Deputatlik so‘rovida holat tasdiqlangan yoki yo‘qligi, shaxsiy maʼlumotlar himoyasi darajasi, kiberhujumlarga qarshi ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha tushuntirish so‘ralgan.
