O‘zbekistonda bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi. Bu 5-fevraldagi prezident farmoni bilan tasdiqlangan, deya xabar beradi O‘zA.

Prezident Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining majburiy umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich bo‘g‘ini sifatida bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari ta’lim dasturini joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma’qulladi.

Maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni tarbiyalash, rivojlantirish va ularga ta’lim berishni ijobiy munosabatlar orqali amalga oshirish maqsadida o‘yinga asoslangan ta’lim joriy etiladi.

Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan va Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.

Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi.

Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlarini oliy ma’lumotli o‘qituvchilar hamda oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalari olib boradi.

Bir yillik maktabga tayyorlov dasturida ta’lim bolalarga maktabga bir yillik tayyorgarlikdan o‘tganligi haqida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi, shuningdek, ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestatda aks ettiriladi.

2025-yilning sentabrida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirining sobiq o‘rinbosari Sardor Rajabov maktabga tayyorlov tizimini maktab ta‘limiga qo‘shish orqali 12 yillik ta‘lim tizimiga o‘tish bo‘yicha topshiriq berilganini aytgandi.

Rajabovning qayd etishicha, bu xorijiy oliygohlarga o‘qishga kirayotgan yoshlarning tayyorlov kurslarida (Foundation courses) o‘qish majburiyatini bekor qiladi.

Keyinroq advokat, ta’lim muassasalari tarmog‘i va Profi universiteti asoschisi Bektosh Hatamov 12 yillik maktab ta’limi qanday bo‘lishi haqida so‘z yuritgandi. Unga ko‘ra, ushbu tizim quyidagi uch bosqichdan iborat bo‘ladi:

  • 1 yillik tayyorlov va 4 yillik boshlang‘ich ta’lim;
  • 5 yillik umumiy o‘rta ta’lim (5−9-sinflar);
  • 2 yillik to‘liq o‘rta ta’lim — maktab, akademik litsey hamda harbiy maktab va texnikumlarda.

Shuningdek, Hatamov bir yillik tayyorlov guruhlarining hisobiga bolalar maktabga 6 yoshdan borishini qayd etgandi.


Avvalroq xususiy bog‘cha ochish uchun bir qator imtiyozlar berilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Qamrovi past hududlarda 150 o‘rinli bog‘cha ochganlarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Ayrim yerlar uchun esa ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmaydi.