Gauhar Jumamuratova 2008-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tavallud topgan. U ilk ta’limini Nukus shahridagi 47-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda olgan. Keyinchalik, 2025-yilda Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litseyni muvaffaqiyatli tamomlagan.
O‘sha yili Gauhar Turkiya Burslari grantini qo‘lga kiritib, o‘z bilimini xalqaro miqyosda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Hozirda u Turkiyaning Samsun shahrida joylashgan Ondokuz Mayıs universiteti psixologiya fakultetida 1-kurs bakalavr bosqich talabasi.
Gauhar Spot’ga Turkiya universitetlarida talabalarga yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. U, xususan, butun dunyoda tan olinadigan “Mavi diplom"ning afzalliklari hamda talabalar uchun yaratilgan o‘ziga xos sharoitlar haqida fikr bildirdi.
Nima uchun Turkiya?
Boshida ingliz tilini mukammal darajada o‘rganib, roman-german filologiyasi (RGF) fakultetiga o‘qishga kirish edi. Shu maqsadda 2024-yil yozida ingliz tilini qayta o‘rganishni boshladim. Aynan o‘sha davrda ijtimoiy tarmoqlarda turk tili kurslari haqidagi e’lon e’tiborimni tortdi va turk tilini ham o‘rganishga qaror qildim. Bu qaror keyinchalik hayotimdagi muhim burilish nuqtalaridan biriga aylangan.
Aslida, Turkiyaga bo‘lgan qiziqishim bolalikda turk seriallarini tomosha qilishdan boshlangan.
Bir oy davomida ingliz va turk tillarini parallel ravishda o‘rgandim. Biroq vaqt o‘tishi bilan turk tiliga bo‘lgan qiziqishim yanada kuchaydi. Hatto ingliz tili darslarida ham beixtiyor turkcha so‘zlardan foydlanardim.
O‘sha paytda ayrim ustozlarim “Ikki kemaning boshini tutgan g‘arq bo‘ladi”, degan fikrlar bilan turk tilini o‘ranishdan qaytarishga urinishgan. Shunga qaramay, ikki tilni o‘rganishda davom etdim va 2024-yilda ingliz tilidan milliy sertifikat imtihonida ishtirok etdim. Imtihonda bor-yo‘g‘i 5 ball yetishmasligi esa hayotimdagi yo‘nalishni butunlay o‘zgartirdi. Natijada, men ingliz tilini emas, turk tilini chuqurroq o‘rganishga qaror qildim.
Turkiya burslari haqida
Xorijda ta’lim olish ko‘plab yoshlar uchun moliyaviy jihatdan murakkab tuyulishi mumkin. Biroq Turkiyda ta’lim olish uchun barcha xarajatlarni to‘liq qoplab beradigan “Turkiya Bursları” granti bu borada eng katta imkoniyatlardan biridir. Grant nafaqat bepul o‘qishni, balki yotoqxona, oziq-ovqat, sug‘urta, viza va hatto bir marta borib kelish aviabilet xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, turk tilini bilmaganlar uchun bir yillik bepul til kursi ham taqdim etiladi.
Grant uchun arizalar har yili 10-yanvardan 20-fevralgacha rasmiy sayt orqali qabul qilinadi.
Bu bosqichda nomzodlardan shaxsiy ma’lumotlar, oilaviy daromad, sevimli hobbi va yutuqlar haqida ma’lumot so‘raladi. Eng muhim hujjatlar quyidagilar:
- motivatsiya xati — maqsad va niyatlarni aniq tushuntirish zarur;
- tavsiyanoma — ustozlar yoki ish joyidan kamida 2−3 ta tavsiyanoma (masalan, litsey kuratori, direktor o‘rinbosari yoki Ko‘ngillilar markazidan);
- baholar — 9−11-sinf baholari majburiy ravishda kiritiladi;
- yosh chegarasi — bakalavr bosqichi uchun 21 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak.
Foto: Gauhar Jumamuratova shaxsiy arxividan
Hujjatlar to‘ldirib bo‘lingandan so‘ng, nomzodlar saytda 12 ta universitet tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bunda quyidagi jihatlarga e’tibor berish kerak:
- Oliyogohlarning 6 tasi yirik shaharlardan (masalan, Anqara, Istanbul);
- 6 tasi kichikroq shaharlardan bo‘lishi lozim.
Eslatma: yakuniy universitetni komissiya belgilaydi.
Hujjatlari ma’qullangan nomzodlar aprel-may oylarida Toshkentda imtihonga chaqiriladi:
- Bakalavrlar uchun IQ, matematika va geometriyadan iborat 45 ta savollik test o‘tkaziladi.
- Magistr va doktorantlar uchun faqat suhbat bo‘lib o‘tadi.
Keyingi bosqichda turk professorlari bilan 15−20 daqiqalik suhbat tashkil etiladi. Bu suhbatda bilimdan ko‘ra ko‘proq nomzodning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, dunyoqarashi va nima uchun aynan Turkiyani tanlagani muhim ahamiyat kasb etadi.
Grant natijalari avgust oyi oxirida e’lon qilinadi.
Viza olish jarayoni
Turkiyaga sayyoh sifatida vizasiz borish mumkin. Biroq uzoq muddatli ta’lim olish uchun maxsus talabalik vizasi talab etiladi. Ushbu jarayon odatda sentabr oyining oxirigacha davom etadi.
Viza olish uchun, avvalo, grant portaliga yuklangan barcha hujjatlar — diplom, attestat va sertifikatlar — turk tiliga tarjima qilinishi hamda notarial tasdiqlanishi shart. Hujjatlar tayyor bo‘lgach, rasmiy viza markazlariga murojaat qilinadi.
Masalan, men Samarqand shahridagi “Sefa Viza” markaziga “Türkiye Bursları” stipendianti ekanligim haqidagi tasdiqnomani taqdim etdim.
Grant sohiblari uchun viza olish jarayoni ancha soddalashtirilgan: hech qanday qo‘shimcha suhbatlar o‘tkazilmaydi, chunki nomzodlar allaqachon grant komissiyasining sinovidan o‘tgan hisoblanadi. Eng muhim jihati shundaki, vizani rasmiylashtirish to‘lovi grant hisobidan qoplanadi va hujjat topshirilganining ertasi kuniyoq tayyor viza qo‘lga tegadi. Bu esa barcha rasmiyatchiliklarni yakunlab, Turkiyaga yo‘l olish uchun so‘nggi ruxsatnoma bo‘ladi.
Moslashish davri
Asl qiyinchiliklar hujjatlashtirish jarayonida boshlandi. Men Samsunga o‘quv yili boshlanganidan keyin, 8-oktabr kuni yetib kelganimda reja bo‘yicha bir yil til kursida (TÖMER) o‘qishim kerak edi. Biroq C1 darajasi uchun test topshirib, yuqori natija olganimdan so‘ng universitet: “Darslarga kechikib kelding, endi faqat ikkinchi semestrdan o‘qiy olasan”, degan qarorni chiqardi.
Bu holat men uchun juda og‘ir bo‘ldi. Sababi talaba bo‘lmaganim sabab yotoqxonada qolish huquqiga ega emasdim.
O‘zbekistonga qaytish esa katta moliyaviy xarajatlarni talab qilardi. Chorasiz qolganim holda dekanatga murojaat qilib, vaziyatimni batafsil tushuntirdim. Qat’iyat va sabr natijasida universitet meni qabul qildi va o‘qishni birinchi semestrdan boshlab davom ettirish imkoniyati yaratildi.


Foto: Shaxsiy arxiv
Turkiyaga kelgan har bir chet ellik talaba kabi, men ham birinchi navbatda İkamet İzni — yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirdim. Odatda bu hujjat chet ellik fuqarolarga bir yil muddatga beriladi va har yili yangilab turiladi.
Biroq, men davlat stipendiati bo‘lganim uchun menga katta imtiyoz berildi: yashash guvohnomasini yillik emas, balki to‘liq 4 yillik muddatga taqdim etishdi. Jarayon juda tez — bor-yo‘g‘i ikki hafta ichida yakunlandi. Rasmiy to‘lov sifatida esa taxminan $22 sarfladim.
Ushbu ID karta menga Turkiya hududida nafaqat qonuniy yashash, balki barcha talaba imtiyozlaridan — transport, muzeylar va ijtimoiy xizmatlardan — to‘liq foydalanish huquqini berdi.
Universitet haqida
Tahsil olayotgan Ondokuz Mayıs universitetim, Turkiyaning nufuzli davlat oliygohlaridan biri. U dunyoning Top-1500 talik universitetlari ro‘yxatiga kiradi. Bu yerda o‘qishning eng katta afzalligi bitiruvchilarga beriladigan “Mavi diplom”. Bu diplom bilan kelajakda istalgan mamlakatda o‘z soham bo‘yicha ishlash imkoniga ega bo‘laman.
Universitet kampusi o‘quv binosidan ko‘ra, yashil o‘rmonni eslatadi. Samsun shahri “Yashil shahar” deb ataladi, chunki qishda ham atrof yam-yashil. Oliygoh dengiz sathidan baland joyda joylashgan, derazadan qaraganda Qora dengiz kaftdek ko‘rinadi.
Talabalar uchun sharoitlar juda yaxshi:
- Transport: kampus hududi katta bo‘lgani uchun ichkarida bepul avtobuslar va tramvay liniyasi bor.
- Kutubxona: 24 soat ishlaydigan zamonaviy kutubxona doimo talabalar bilan gavjum.
- Dam olish zonalari: so‘lim bog‘lar va tabiat qo‘ynidagi maskanlar talabalarga hordiq chiqarish imkonini beradi.
Imtihonlar qanday bo‘ladi?
Turkiyada ta’lim jarayoni talabalardan erkinlik bilan birga mas’uliyatni ham talab qiladi. Professorlar ko‘proq davomatga emas, balki imtihondagi bilimga qarab baho berishadi. Agar bilim yetarli bo‘lsa, darslarga muntazam qatnashmasangiz ham imtihondan o‘tishingiz mumkin, lekin bilim bo‘lmasa — hech qanday imtiyoz berilmaydi.
Foto: Shaxsiy arxiv
Imtihonlar faqat oflayn shaklda va qat’iy nazorat ostida o‘tadi. Talabalar auditoriyada bir-biridan uzoq masofada o‘tirishadi, ko‘chirish imkoni bo‘lmaydi.
Savollar professorning xohishiga ko‘ra test yoki yozma (esse) tarzida bo‘ladi. Birinchi semestrda men sakkizta fandan imtihon topshirdim, ba’zan bir kunda ikkita imtihon ham bo‘ldi.
Eng muhim jihat — agar talaba yakuniy imtihondan o‘ta olmasa, qayta topshirish imkoniyati berilmaydi. U o‘sha fanni keyingi yili yangi talabalar bilan birga qayta o‘qishi kerak bo‘ladi. Shu sababli, guruhimizda yuqori kursda o‘qiydigan, lekin darsni biz bilan qayta o‘zlashtirayotgan talabalarni tez-tez uchratamiz. Bu tizim talabalardan har bir darsga jiddiy yondashishni talab qiladi.
Turkiyadagi ta’lim
Turkiyada ta’lim tizimi bizdagidan ancha farq qiladi. Professorlar va talabalar o‘rtasida samimiy munosabat bor. Darsda talabalarga erkinlik beriladi: auditoriyada ovqatlanish yoki choy ichish mumkin. O‘qituvchilar uchun eng muhimi sizning mavzuni tushunishingiz. Tashqi ko‘rinish yoki rasmiy qoidalardan ko‘ra, bilim birinchi o‘rinda turadi.
Bir safar oraliq imtihonlardan keyin darsda atigi 15 talaba qolgandi. Professorimiz ma’ruza o‘tish o‘rniga xonani qorong‘ilashtirib, choy va shirinliklar bilan birga kino qo‘yib berdi. Ustoz bilan birga film ko‘rib, dam oldik. Bunday iliq munosabat talabalarning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshiradi. Professorlar ko‘pincha talabalarga “Do‘stlar, darsimizni boshlaymiz” deb murojaat qilishadi.
Universitetda darslar asosan turk tilida, zamonaviy ma’ruza va slaydlar yordamida o‘tiladi. Eng katta afzallik majburiy umumta’lim fanlari deyarli yo‘q. Hamma narsa tanlangan mutaxassislikka yo‘naltirilgan. Masalan, men psixologiya yo‘nalishida o‘qiyotganim uchun matematika o‘tilmaydi, lekin ingliz tiliga katta e’tibor beriladi.
Ta’limning murakkab tomoni kredit tizimi. Agar talaba semestr yakunida imtihondan o‘ta olmasa, o‘sha fanni keyingi yili qayta o‘qishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun yuqori kurs talabalarining biz bilan birga dars o‘qishi odatiy hol.
Yana bir qiziqarli imkoniyat — “Turkiya Akademiya” loyihasi. Yil oxirida talabalar davlat hisobidan bepul sayohatga olib boriladi. Bu Turkiya madaniyati va tarixini o‘rganish uchun juda yaxshi imkoniyat. Guruhimizda asosan mahalliy talabalar bor. Qizlarning ko‘pchiligi ro‘molda bo‘lgani uchun boshida ularni ajratish qiyin edi, lekin hozirda ular mening yaqin do‘stlarimga aylangan.
Talabalar ishlashi mumkinmi?
Turkiyada xorijiy talabalarning ishlashi ularning qaysi asosda o‘qiyotganiga bog‘liq. Agar siz 100% grant — Türkiye Bursları dasturi orqali tahsil olayotgan bo‘lsangiz, ishlash taqiqlanadi. Chunki davlat sizning barcha xarajatlaringizni qoplagan va faqat o‘qishga e’tibor berishingizni talab qiladi. Agar grantda o‘qiyotgan talaba rasmiy ishlayotgani aniqlansa, stipendiya va grant shartnomasi bekor qilinadi. Shu sababli, “bursli” talabalar faqat darslarga e’tibor qaratadilar.



Foto: Shaxsiy arxiv
O‘z hisobidan, ya’ni kontrakt asosida o‘qiyotgan chet ellik talabalarga esa ishlashga ruxsat beriladi. Ular haftasiga o‘rtacha 20−25 soat ishlash huquqiga ega.
Asosan xizmat ko‘rsatish sohalarida yoki universitetning o‘zida — kutubxona, fakultet devonxonasi va axborot markazlarida ishlashlari mumkin.
Shuni ham unutmaslik kerakki, chet ellik talabalarga ish topish biroz qiyin va ba’zan mahalliy aholiga qaraganda kamroq haq to‘lanishi mumkin. Biroq grant asosida kelganlar uchun davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar yetarli bo‘lgani sababli, o‘qishni chetga surib, noqonuniy ishlarda ishlash tavsiya etilmaydi.
Yashash xarajatlari
Turkiyada grant asosida o‘qish moddiy jihatdan juda qulay. “Turkiya Burslari” granti doirasida men har oy 125 dollar stipendiya olaman. Bu mablag‘ to‘liq shaxsiy ehtiyojlarim uchun qoladi, chunki asosiy xarajatlar grant hisobidan qoplanadi.
Grant qoplagan xarajatlar:
- O‘qish: 100% bepul.
- Turar joy: yotoqxona bepul (aslida oyiga taxminan $85).
- Ovqatlanish: yotoqxonada kuniga ikki mahal — nonushta va kechki ovqat bepul.
- Sug‘urta va viza: davlat tomonidan qoplanadi.
Stipendiya yetarli, chunki talabalar uchun ko‘plab chegirmalar mavjud. Transport, kafelar va bozorlarda talaba kartasi ko‘rsatib mablag‘ni tejash mumkin.
Agar talaba yotoqxonada emas, kvartirada yashasa, xarajatlar oshadi. O‘rtacha kvartira ijarasi $200 atrofida, lekin bu summaga kommunal to‘lovlar kirmaydi. Elektr, suv va gazni alohida to‘lash kerak bo‘ladi.
Ba’zida tashqaridan ovqat yoki boshqa narsalar sotib olishga ham ehtiyoj tug‘iladi. Bunday qo‘shimcha xarajatlar oyiga taxminan $58 ni tashkil etadi. Transport tizimi esa talabalar uchun juda arzon. Maxsus talaba kartasi mavjud: oyiga $11 to‘lab, avtobus va tramvaylardan cheksiz foydalanish mumkin. Bu uzoq masofaga qatnaydigan talabalar uchun juda qulay.
Endi keladiganlarga maslahatlar
Turkiyada o‘qishni niyat qilgan yoshlar uchun ikki muhim maslahatim bor. Birinchidan, 18 yoshdan keyin keling. Chunki 17 yoshda kelganlarda ko‘plab huquqiy va maishiy muammolar bo‘ladi: aeroportdagi jarayonlar, hujjat rasmiylashtirishda “Nega balog‘at yoshiga yetmagansan?” degan savollar ko‘p uchraydi. 18 yosh bu nafaqat qonuniy chegara, balki insonning “Bu mening tanlovim” deb ayta oladigan yetuklik davri.
Foto: Shaxsiy arxiv
Ikkinchidan, mustaqil bo‘ling va hamma ishni o‘zingiz bajaring. Chet elga o‘qishga topshirish jarayoni ko‘p hujjatlar bilan bog‘liq: motivatsiya xati, universitet tanlash, viza olish va boshqalar. Bularni agentliklarga yoki tanishlarga topshirib qo‘ymang. Har bir bosqichni o‘zingiz o‘rganing va o‘zingiz bajaring. Begona yurtda siz uchun hech kim yugurmaydi, mas’uliyat faqat o‘zingizga yuklanadi.
Til masalasida: Turk tilini bilib kelish yaxshi, lekin majburiy emas. Ingliz tilini bilish esa katta yordam beradi. Hatto turkchani bilmagan odam ham inglizcha oddiy so‘zlar bilan muloqot qila oladi. Qo‘shimcha til bilish esa Turkiyadagi hayotingizda har doim afzallik beradi.








