2025-yilda yuridik va jismoniy shaxslarning banklarga valyuta taklifi talabdan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

Yanvar-dekabr oylarida yuridik shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan talabi 2024-yilga nisbatan 24% ga, taklifi esa 36% ga oshdi.

Xo‘jalik yurituvchilarning eksport tushumlari hisobiga shakllanadigan valyuta taklifi 18% ga o‘sib, $18 mlrdni tashkil etdi. Eksport tushumlarining $9,8 mlrdi yoki 40%i ichki bozorda sotildi (2024-yilga nisbatan 19% yoki $1,6 mlrdga ko‘p).

Banklar $9,7 mlrdlik valyutani xorijiy kreditlar hisobidan sotdi (69% ga ko‘p). Importni moliyalashtirish manbalari tarkibida sotib olingan mablag‘lar ulushi 63,7% ni (2024-yildagi ko‘rsatkich bilan bir xil), xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 24% ni tashkil etdi (24,5%).

Xorijiy valyuta quyidagi maqsadlarda xarid qilingan:

  • 50% — ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi;
  • 28% — xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘ndirish;
  • 17% — xalq iste’moli tovarlari va doridarmon mahsulotlari importi;
  • 2% — xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi;
  • 3% — boshqa maqsadlar.

Markaziy bank jismoniy shaxslar amalga oshirgan banklar bilan operatsiyalarining ijobiy saldosi ichki bozorda qo‘shimcha taklifni shakllantirayotganini qayd etdi.

2025-yilda aholi banklarga 2024-yilga nisbatan 1,4 barobarga ko‘p — $21,7 mlrd sotib, ulardan $12 mlrd (+27%) sotib oldi.

markaziy bank, valyuta bozori

Natijada, jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta taklifi hajmi unga bo‘lgan talab hajmidan $9,7 mlrdga ortiq bo‘ldi (o‘sish 1,4 barobar). Aholi valyuta sotuvining asosiy manbai xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga $18,9 mlrd kelib tushishi bo‘ldi.

Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan $2,6 mlrd mablag‘lar chiqib ketdi, bu 2024-yilga nisbatan $138 mlnga kam.

Avvalroq Spot 2025-yilda so‘mdagi depozitlar va kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalari o‘sgani haqida yozgandi.