Senat O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Qonun bilan Markaziy bankka islomiy moliya standartlarini tasdiqlash, litsenziya berish va Islomiy moliya kengashini tashkil etish vakolatlari berilmoqda.

Banklar alohida litsenziya asosida to‘liq yoki parallel tarzda islomiy va an’anaviy bank xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Islomiy moliya operatsiyalari uchun soliq imtiyozlari joriy etilib, ayrim operatsiyalar foizli daromadlarga tenglashtiriladi. Shuningdek, islomiy banklar uchun tashqi audit, omonatlarni kafolatlash va litsenziya boji bo‘yicha aniq talablar belgilanmoqda.

Yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasiga ko‘ra, islomiy moliyaning huquqiy asoslarini yaratish hamda kamida uchta bankda islomiy moliya xizmatlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov uchta davlat bankida islomiy moliya majburiy tartibda, qolgan banklarda esa ixtiyoriy asosda joriy etilishini ma’lum qildi. Biroq bunday banklar ro‘yxati hali tasdiqlanmagan hamda qaror ularning tayyorgarligi va xohishidan kelib chiqib qabul qilinadi.

2030-yilga borib islomiy moliya “darchalari” uchta emas, balki 5−6 ta bankda ochilishi yoki bozorda bir nechta to‘liq islomiy banklar paydo bo‘lishi mumkin. Nosirovning fikricha, bu yo‘nalishga qiziqish yuqori bo‘lib, jarayonda nafaqat davlat, balki xususiy banklar ham faol ishtirok etishga tayyor.

Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert va AAOIFI kengashi a’zosi (2016−2024) Xondamir Nusratxo‘jayev Spot uchun yozgan maqolasida qonun qabul qilingandan so‘ng islomiy bankingni qanday xatarlar kutayotgani va yangi model to‘laqonli tizimga aylanishi nimalarga bog‘liqligini tushuntirdi.

Bundan tashqari, ekspert avvalroq islomiy bank tizimini joriy etishga nimalar to‘sqinlik qilayotgani, tizim atrofida qanday miflar yurishi hamda islomiy banklar nimadan daromad olishi masalalarini tahlil qilgandi.


islom moliyasi, islomiy bank, xondamir nusratxo‘jayev

Xondamir Nusratxo‘jayev,

Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert, AAOIFI kengashi a’zosi (2016−2024), Islom moliyasi Telegram-kanali muallifi.

Islomiy bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunning Senat tomonidan ma’qullanishi O‘zbekiston moliya tizimi uchun muhim institutsional qadam bo‘ldi. Bu islomiy moliya institutlari yaqin kelajakda nazariy qarashlardan amaliy voqelikka o‘tishini anglatadi.

Hozirgi paytning eng muhim xususiyati ikkita omil: aniq ifodalangan siyosiy iroda va “pastdan”, aholi va biznes tomonidan barqaror talabning bir-biriga kamdan-kam holda mos kelishidan iborat. Aynan shunday uyg‘unlik tarixan muvaffaqiyatli tarkibiy islohotlarning katalizatori bo‘lib xizmat qilgan.

Biroq xalqaro tajriba qonun qabul qilinishi shunchaki boshlang‘ich nuqta ekanligini ko‘rsatib turibdi. Asosiy qarshiliklar va xatarlar normativ baza kuchga kirgandan so‘ng yuzaga keladi.

Islomiy bank faoliyati O‘zbekistonda to‘laqonli tizim bo‘ladimi yoki an’anaviy modelga cheklangan qo‘shimcha bo‘lib qoladimi — bu islomiy moliyaning amaliyotga joriy etilishi, nazorat qilinishi, infratuzilmasi va identiteti qanday yo‘lga qo‘yilishiga bog‘liq.

Tartibga solish va kadrlar tayyorlash

Birinchi va eng muhim bosqich — qonunosti hujjatlari va tartibga soluvchi yo‘riqnomalarni ishlab chiqish. Qonun umumiy doirani belgilab beradi, biroq tizimning kundalik ishlashi aynan ikkilamchi tartibga solish orqali shakllanadi: lisenziyalash, hisobot berish, kapitalga qo‘yiladigan talablar, xatarlarni boshqarish, investorlar va xizmat iste’molchilarini himoyalash, nazorat tartibi hamda shariatga asoslangan korporativ boshqaruv.

Markaziy bankning institutsional tayyorgarligi alohida ahamiyatga ega. Islomiy banking boshqacha biznes modelini, daromadni shakllantirish, foyda va xatarlarni taqsimlash tamoyillarini nazarda tutadi. Ixtisoslashgan funksiyalar va tayyorlangan xodimlarsiz nazorat to‘laqonli bo‘lmasligi muqarrar, bu esa tizimli va obro‘ga putur yetkazuvchi xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Islomiy moliyaning muvaffaqiyatli rivojlanishidagi hal qiluvchi shartlardan biri to‘laqonli va amaliy natija beradigan islomiy moliyaviy korporativ boshqaruvning mavjudligidir. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, islomiy moliya institutida shunchaki “maxsus kengash"ning mavjudligi islomiy moliya tamoyillariga haqiqatan ham muvofiqlikni kafolatlamaydi.

Islomiy moliyaviy mahsulotlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishning aniq tartib-taomillari, ularning majburiyligi, lozim darajada hujjatlashtirish, mustaqil audit va nomuvofiqlik xatarlarini tizimli boshqarish o‘ta muhim.

Shu jihatdan Markaziy bankning roli prinsipial ahamiyatga ega — aynan regulyator standartlarni o‘rnatadi, institutsional intizomni ta’minlaydi va islomiy moliyaviy komplayensga rasmiy yondashuvning oldini oladi. Bir qator mamlakatlar, xususan, BAA tajribasi islomiy moliya boshqaruvining kuchli markazlashgan modeli reputatsion xatarlarni sezilarli darajada kamaytirishi va islomiy bank sektoriga bo‘lgan ishonchni oshirishini ko‘rsatmoqda.

Qisqa muddatli treninglar va tarqoq seminarlar islomiy moliyaning barqaror ekotizimini shakllantira olmaydi. Islomiy moliyani akademik ta’limga, jumladan, universitet dasturlariga tizimli integratsiya qilish, shuningdek, bankirlar, yuristlar, auditorlar va regulyatorlar uchun xalqaro miqyosda tan olingan malakalar asosida professional ta’limni rivojlantirish zarur.

Bundan tashqari, islomiy moliya sohasidagi bilim va kompetensiya darajasi bankirlarning o‘zlari va boshqaruv jamoalari uchun o‘lchanadigan professional ko‘rsatkichga (KPI) aylanishi kerak. Bilim va mas’uliyat institutsional ravishda mustahkamlanmasa, islomiy bank faoliyati chuqur mazmun va sifatga ega bo‘lmagan rasmiy yo‘nalish bo‘lib qolish xavfi mavjud.

Iste’molchilar va investorlarni himoyalash

Islomiy bankingni joriy qilish bosqichidagi o‘ta muhim chaqiriqlardan biri iste’molchilar va investitsion omonatchilar, ayniqsa, yetarli bilim, axborotga kirish yoki mahsulot shartlariga ta’sir o‘tkazish imkoniga ega bo‘lmagan mijozlarning huquqlarini himoya qilish hisoblanadi.

Islomiy moliya institutlari rasman islomiy moliya talablariga mos keladigan, ammo ayni paytda shaffof bo‘lmagan xatarlar va chiqimlarni mijozlar zimmasiga yuklaydigan mahsulotlar yaratmasligini ta’minlab berishi regulyator uchun muhimdir.

Mahsulotning iqtisodiy mohiyati, daromadning tuzilishi, barcha xatarlar, vositachilik haqlari, taraflarning huquqlari va majburiyatlariga oid axborotni to‘liq va tushunarli tarzda ochib berishga qo‘yiladigan talablar hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shuningdek, quyidagilarni ishlab chiqish muhim:

  • standartlashgan oshkor qilish hujjatlari;
  • nizolarni hal qilishning muqobil mexanizmlari;
  • investitsion omonatchilarni himoya qilish choralari.

Soliqlar va likvidlik

Soliq rejimi islomiy moliya keng ko‘lam yoyishining tayanch omili hisoblanadi. Soliq betarafligi bo‘lmasa, islomiy mahsulotlar o‘zlarining an’anaviy analoglariga nisbatan qimmatroq bo‘lishi muqarrar, bu esa ulardan talabga bog‘liq bo‘lmagan holda foydalanishni cheklab qo‘yadi.

Teng sharoitlar yaratish afzallik emas, balki raqobatbardoshlikning zarur shartidir.

Islomiy banklar likvidlikni boshqarishning o‘ziga xos muammosiga duch kelmoqda. An’anaviy pul bozori instrumentlarining aksariyati ular uchun mavjud emas. Yo‘l qo‘yiladigan likvidlik vositalari ishlab chiqilmasa, banklar zaif bo‘lib qoladi yoki cheklangan konstruksiyalardan foydalanishga majbur bo‘ladi.

Shu bois, quyidagilarni shakllantirish muhim vazifa hisoblanadi:

  • qisqa muddatli likvidlikning ruxsat etilgan vositalari;
  • banklararo o‘zaro hamkorlik mexanizmlari;
  • ko‘pincha sukuk bozori bilan bog‘liq bo‘lgan yuqori likvidli aktivlar.

Kapital bozori va obligatsiyalar

Agar maqsad shunchaki islomiy banklarni ishga tushirish emas, balki to‘laqonli islomiy moliya sektorini shakllantirish bo‘lsa, kapital bozorlarini rivojlantirish strategik jihatdan zarurdir.


Mavzuga oid: O‘zbekiston islomiy bank tizimini joriy etishga tayyorlanmoqda. Bu nima beradi?


Sukuk bu yerda eng muhim o‘rin tutadi va bir vaqtning o‘zida bir nechta funksiyalarni bajaradi: uzoq muddatli moliyalashtirish, likvidlik vositasi, institutsional investorlar uchun baza.

Buning uchun quyidagilar talab qilinadi:

  • sukuk chiqarish uchun huquqiy infratuzilma;
  • emitentlar va investitsiya agentlari bazasini shakllantirish;
  • ichki investitsion talabni rivojlantirish.

Kapital bozorisiz islomiy bank faoliyati bank balanslari doirasi bilan cheklanib qolishi shubhasiz.

Identiklik va ekotizim

Islomiy moliyaning eng nozik jihatlaridan biri — uning haqiqiy identitetini saqlab qolishdir. Asosiy xavf shundaki, tashqi ko‘rinishda islomiy bo‘lsa-da, mohiyatan an’anaviy moliyaviy mahsulotlarga o‘xshash yechimlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa nafaqat alohida institutlar, balki butun soha uchun jiddiy reputatsion xatar tug‘diradi.

“Mazmun shakldan muhimroq” tamoyilini saqlab qolish deklaratsiya emas, balki operatsion standartga aylanishi shart.

Nihoyat, tayanch masala maqsaddan iborat. Tarixan islomiy moliya haqiqiy iqtisodiy faollikni, tadbirkorlikni va xatarlarni adolatli taqsimlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ularning vazifasi nima qilib bo‘lsada bank foydasini maksimallashtirish yoki samarasiz iste’mol qarzini rag‘batlantirish emas, balki barqaror, mas’uliyatli moliyaviy muhit yaratishdir.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, banklar atrofida ekotizim yuzaga kelgan joyda barqaror islomiy moliya markazlari shakllanadi: yuridik va konsalting firmalari, audit, media, tahlil markazlari, ta’lim platformalari.

Aynan shunday muhit standartlarni qo‘llab-quvvatlash, munozarani rivojlantirish va sifat pasayishining oldini olish imkonini beradi.

Nimalar kutilmoqda?

O‘zbekiston bugun noyob imkoniyatlar davrini boshdan kechirmoqda. Islomiy banking va moliya shunchaki yangi segment bo‘libgina qolmay, mamlakat va mintaqa moliya arxitekturasining strategik elementiga aylanishi mumkin. Ammo muvaffaqiyat ishga tushirish tezligi bilan emas, balki institutsional dizayn sifati, chuqur tushunish va maqsadning aniqligi bilan belgilanadi.